Mudofaa vaziri o‘rinbosari Surxondaryoda
Surxondaryo viloyati Uzun tumanidagi 2-kasb-hunar maktabida “Milliy armiyamiz yoshlar nigohida” shiori ostida “Mudofaa vaziri o‘rinbosari va yoshlar uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi.
Mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, polkovnik Hamdam Qarshiyev bilan ochiq muloqotda tuman hokimligi, tuman mudofaa ishlari bo‘limi mutasaddilari, o‘qituvchilar, 2-kasb-hunar maktabi hamda 1-o‘rta ta’lim maktabining yuqori sinf o‘quvchilari ishtirok etdi.
Uchrashuvda keyingi yillarda Qurolli Kuchlar tizimida yuz berayotgan yangilanishlar xususida atroflicha so‘z yuritildi. Mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosatini izchil va samarali amalga oshirish, yoshlarni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarimizga hurmat, buyuk ajdodlar an’anasiga sadoqat ruhida tarbiyalash, har tomonlama qo‘llab-quvvatlab, ma’naviy yetuk va jismonan sog‘lom barkamol avlodni ulg‘aytirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Prezidentimizning joriy yil 2 martdagi “Vatan tayanchi” bolalar va o‘smirlar harbiy vatanparvarlik harakati faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida” gi qarori bu boradagi ishlar natijadorligini yanada oshirishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Mudofaa vazirligi ta’sischiligida tashkil etilayotgan mazkur harakat davlat muassasasi bo‘lib, o‘sib kelayotgan yosh avlodni Vatan taqdiriga daxldorlik, ma’naviy-axloqiy, milliy va umuminsoniy qadriyatlar hamda qonunlarimizga nisbatan yuksak hurmat ruhida tarbiyalaydi. Erkin fikrlaydigan, mustahkam bilimli, jamiyatda munosib mavqeini egallash qobiliyatiga ega, mustaqil qaror qabul qilishga qodir, mamlakati, xalqi va o‘z oilasining farovonligi va yanada rivojlanishi orzusida bo‘lgan vatanparvar yoshlarni kamolga yetkazish kabi ulug‘vor ishlarga xizmat qiladi. Davlat umumta’lim maktablarida o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish uchun qulay shart-sharoit yaratib, yosh avlodni turli xavfli g‘oyalar va tashqaridan “ommaviy madaniyat” niqobi ostida kirib kelayotgan salbiy ta’sirlardan himoya qiladi.
Yangi muassasaga o‘quvchi-yoshlarni tuzilayotgan otryad atrofida birlashtirish va jipslashtirish, ular orasida harbiy-vatanparvarlik, o‘quv-tarbiyaviy tadbirlarni amalga oshirishda asosiy tashkilotchi sifatida faoliyat yuritish, o‘quvchilarda o‘qish va intizom bo‘yicha yuqori natijalarga erishishga ishtiyoqni uyg‘otish hamda ularga o‘rnak bo‘lish uchun faol harakat qilish singari muhim vazifalar ham yuklangan. Ochiq muloqot chog‘ida Vazir o‘rinbosari qarorning mazmun-mohiyati haqida fikr yuritdi. O‘quvchi-yoshlarning ixtiyoriylik asosida otryadga a’zo bo‘lish tartiblari va ularning kelgusida harbiy oliy o‘quv yurtlariga kirishida berilayotgan imtiyozlar to‘g‘risida ma’lumot berdi.
–Bizning yoshlik davrimizda harbiylar bilan uchrashib, ularning fikrlarini tinglash ushalmas orzu edi, – deydi 2-kasb-hunar maktabi chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qituvchisi Ilhom Jo‘rayev. –Endilikda yoshlar harbiy qismlarda bo‘lib, tinchligimiz posbonlarining hayoti, zamonaviy texnika va qurol-aslahalar bilan ham tanishmoqda. Bunday o‘zgarishlar o‘quvchi-yoshlarning harbiy sohaga qiziqish va intilishini yanada oshirayotir. O‘quvchilarimning to‘rt nafari joriy yilda oliy harbiy bilim yurtida o‘qish istagani bildirib, hujjat tayyorlagani bunga yaqqol dalildir.
Uchrashuvda yoshlarning fikr-mulohaza va takliflari tinglandi. Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA