Mudofaa vaziri kubogi uchun musobaqa
Termiz shahridagi “Alpomish” stadionida “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida sportning milliy kurash va tosh ko‘tarish turi bo‘yicha 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasida Mudofaa vaziri kubogining mahalla bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Qizg‘in bahslarga boy bo‘lgan musobaqa keksa polvonlarning ko‘rgazmali chiqishlari bilan boshlandi. Termiz shahridagi 37 ta mahalla fuqarolar yig‘ini yoshlari qatnashgan musobaqaning kurash bellashuvlarida polvonlar to‘rtta vazn toifasida o‘zaro kuch sinashdi. Tosh ko‘tarish musobaqasi ham qiziqarli bahslarga boy bo‘ldi.

G‘oliblarga Janubiy operativ qo‘mondonligi boshlig‘i, polkovnik Po‘latjon Sativaldiyev diplom, medal va esdalik sovg‘alarni tantanali topshirdi. Tadbir doirasida Termiz garnizoni harbiy xizmatchilarining jangovar ko‘rgazmali chiqishlari namoyish etildi.

Mudofaa vaziri kubogi uchun milliy kurash va tosh ko‘tarish sport o‘yinlari Surxondaryo viloyati tumanlarida ham uyushqoqlik bilan o‘tkazilmoqda.



Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri