Mudofaa ishlari bo‘limi uchun yangi bino
Surxondaryo viloyati Denov tumani mudofaa ishlari bo‘limi yangi binoda ish boshladi. Shu munosabat bilan bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda Janubiy operativ qo‘mondonligi, viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi mutasaddilari, davlat, jamoat tashkilotlari vakillari va yoshlar ishtirok etdi.
So‘nggi yillarda qiyofasi tubdan o‘zgarayotgan Denov tumanida ko‘p qavatli turar-joy binolari, ijtimoiy va ma’muriy soha inshootlari qurilib foydalanishga topshirilmoqda. Keng, ravon yo‘llar bunyod etilayotir. Xizmatlar ko‘rsatish rivojlanmoqda. Prezidentimizning 2020 yil 9 apreldagi “2020-2022 yillarda Surxondaryo viloyatining Denov tumani va uning markazini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish to‘g‘risida” gi qarori bu boradagi ishlar natijadorligini yanada oshirishga xizmat qilayotir. Shunga muvofiq qariyb 400 ming kishi yashaydigan yirik tuman har taraflama yuksalib, odamlarning bugungi hayotidan rozi bo‘lib yashashi uchun barcha qulaylik yaratilmoqda.

Tantanali marosimda ana shu haqda atroflicha fikr yuritilib, tinch, osuda Vatan ulkan yangilanishlarga yuz tutishi va taraqqiyot yo‘lida dadil odimlashi alohida ta’kidlandi. Tuman mudofaa bo‘limining yangi binosi yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalab, ularni o‘z yigitlik burchini sharaf bilan bajarishga sifatli tayyorlash uchun xizmat qilishi qayd etildi.

– Mudofaa ishlari bo‘limlari bejiz “armiya ostonasi”, deya ta’riflanmaydi, – deydi Surxondaryo viloyati mudofaa ishlari boshqarmasi boshlig‘i, podpolkovnik Ilhom Qambarov. – Bu yerda chaqiriluvchilar ko‘rikdan o‘tib, harbiy xizmatga tayyorlanadi. Buning uchun yangi binoda barcha sharoit yaratilgan. Qariyb 40 yil muqaddam barpo etilgan tuman mudofaa bo‘limining eski binosi o‘tgan yillarda bir necha marta ta’mirlangan bo‘lsa-da, yetarli sharoitlarga ega emas edi. Yangi binoda chaqiriluvchilarni muddatli harbiy xizmatga tayyorlash va ko‘rikdan o‘tkazish uchun zarur qulaylik mavjud. Bularning barchasi keyingi yillarda mamlakatimiz mudofaa qudratini har taraflama mustahkamlash yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasidir.


Tadbir ishtirokchilari yangi binoda tuman mudofaa bo‘limi xodimlari va chaqiriluvchilarga yaratilgan zamonaviy sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,
O‘zA muxbiri