Muddatli harbiy xizmatchilar vatanga qasamyod qildi
Andijon shahrida joylashgan Mudofaa vazirligi tasarrufidagi harbiy qismda xizmat vazifasini boshlagan askarlarning Vatanga qasamyod qabul qilishiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
Andijondagi harbiy qism serjant va ofitserlari, askarlarning ota-onalari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etgan tadbirda so‘z olgan Andijon viloyati hokimi, harbiy-ma’muriy sektor rahbari Shuhratbek Abdurahmonov, Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni, polkovnik Lutfullo Buzrukov va boshqalar mamlakatimiz Qurolli Kuchlarida amalga oshirilayotgan islohotlar yuqori samaralar berayotgani, harbiy xizmatchilar uchun zarur shart-sharoitlar yaratilganini ta’kidladi.
Keng maydon uzra saf tortgan harbiy askarlar tomonidan O‘zbekiston madhiyasi ijro etildi, so‘ng ular tantanali ravishda Vatanga qasamyod qabul qildi.
[gallery-7225]
– Vatanga qasamyod men kabi barcha askarlarga xizmatni a’lo darajada o‘tashi uchun g‘ayrat, shijoat, ulkan ruhiy va ma’naviy kuch beradi, – deydi Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahridan xizmatga kelgan, oddiy askar Bahodir Ahmadov. – Yigitlik burchimizni yuqori darajada ado etish, yurtga munosib farzand bo‘lishga undovchi sharafli qasamyod tadbiri yodimizda bir umr muhrlanib qoladi.
Harbiy qismda askarlarning jangovar va jismoniy tayyorgarligini, ma’naviy-ma’rifiy bilimlarini oshirish uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan. Ishtirokchilar askarlarning xizmat va yashash sharoitlari bilan yaqindan tanishdi.
Tadbir doirasida harbiy xizmatchilarning ko‘rgazmali chiqishlari, viloyat madaniyat boshqarmasi badiiy jamoalari tomonidan konsert dasturi namoyish etildi.
F.Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (surat), O‘zA