Muddatli harbiy xizmat muvaffaqiyat garovidir
Chirchiq shahridagi Quruqlikdagi qo‘shinlar institutida Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev ishtirokida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Toshkent viloyati hokimligi tashabbusi bilan Mudofaa vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida tashkil etilgan muloqotda asosiy e’tibor davlatimiz rahbarining shu yil 13 yanvardagi Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida belgilangan vazifalarga yo‘naltirildi.
Unda viloyat hokimi Zoyir Mirzayev, Mudofaa vaziri o‘rinbosari Hamdam Qarshiyev, O‘zbekiston xalq shoiri, Mudofaa vazirligi jamoatchilik kengashi raisi Iqbol Mirzo, kursantlar, muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan askarlar, bilim yurti ofitserlari, nuroniylar, shuningdek, ma’naviy-ma’rifiy hamda ta’lim-tarbiya yo‘nalishidagi mutasaddi idoralar vakillari ishtirok etdi. Dastlab institutda askarlar uchun yaratilgan imkoniyatlar, kasb-hunar o‘rgatish ustaxonalari, chet tillari va sun’iy intellekt darsxonalari faoliyati bilan tanishildi.

Uchrashuvda hokim yoshlar bilan samimiy muloqotga kirishdi. Qayd etganidek, Prezidentimiz tomonidan qo‘yilgan bir qator dolzarb vazifalarga muvofiq, muddatli harbiy xizmat – faqat jismoniy va harbiy tayyorgarlik emas, balki yoshlarning jamiyatda mustahkam o‘rnini topishi uchun ularni mehnat bozoriga va mustaqil kasbga tayyorlash bosqichi sifatida tashkil etilmoqda.

Jumladan, armiyada yoshlar kamida bitta kasb egasi bo‘lib chiqishi bo‘yicha mutlaqo yangi tizim yaratilmoqda. Harbiy qismlardagi asosiy yo‘nalish va mutaxassislikdan kelib chiqib, askarlarni kasbga tayyorlash bo‘yicha 3-6 oylik dasturlar ishlab chiqilib, dasturni yakunlagan askarlar malaka imtihonidan o‘tkaziladi va ularga kasb sertifikati beriladi.

Har yili besh ming askar saralab, “Bir million dasturchi” va “Besh million sun’iy intellekt yetakchisi” dasturlari doirasida o‘qitiladi. Askarlarga muddatli harbiy xizmatni o‘tash davrida harbiy qismning o‘zida oliygohga o‘qishga kirish uchun imtihon topshirish imkoniyati yaratiladi. Test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tib, talabalikka qabul qilingan askarlar muddatli harbiy xizmat yakunlanishi bilan oliygohda o‘qishni boshlaydi.

Shu bilan birga, armiyadan qaytib, oliy o‘quv yurtlarida tahsil olmoqchi bo‘lgan yoshlarga xorijiy til va fan sertifikati olish xarajatlari qoplab beriladi. Agar ular oliygohlarga kontraktga kirsa, foizsiz ta’lim krediti ajratiladi. Bundan tashqari, armiyadan qaytgan yoshlar bandligini ta’minlash bo‘yicha ham alohida imtiyozlar beriladi. Xususiy sektorda faoliyat yuritmoqchi bo‘lgan yoshlarga kasbni egallash va sertifikat olish xarajatlari to‘lab beriladi.

Muloqot davomida viloyatdagi harbiy qismlar hamda texnikumlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, tajribali va yuqori malakali o‘qituvchilarni jalb etgan holda hunarli, bilimli va yuksak salohiyatga ega askarlarni tarbiyalash, shuningdek, yoshlarni kasb-hunarga yo‘naltirish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Yakunda muddatli harbiy xizmatni sharaf bilan o‘tayotgan, yuksak mas’uliyat va sadoqat namunasini ko‘rsatayotgan askarlar munosib taqdirlandi.
A.Musayev, O‘zA.