Muallimaning ish tajribasi ommalashtirilmoqda
Buxoro viloyati Romitan tumani 8-umumta’lim maktabi tarbiya fani o‘qituvchisi Nigora Hayotova 2001 yildan buyon “Milliy istiqlol g‘oyasi va ma’naviy asoslari” fanidan dars berib kelmoqda. 36 yillik pedagogik ish faoliyatiga ega bo‘lgan muallima ko‘plab yutuqlarga erishgan.
Katta tajribaga ega muallima har bir darsni namunali tarzda ilg‘or pedagogik texnologiyalar asosida olib boradi. Darslarni slaydlar, multimediyalar, elektron darsliklar va ko‘rgazmalar asosida o‘tib, yuqori samaradorlikka erishishga va ta’limga kreativ yondashishga harakat qiladi.

"Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi" ko‘rik tanlovida tumanda birinchi, viloyatda 2-3-o‘rinlarni, "Eng yaxshi video dars” "Eng yaxshi dars ishlanma” ko‘rik tanlovida tumanda 1-o‘rinni olgan.
Muallimaning ish tajribasi ayniqsa, yangi yaratgan '”Kamalak” texnologiyasi tuman, viloyat miqyosida ommalashtirildi. 2020 yil 16 mart kunidan buyon viloyat miqyosida tashkil etilgan ijtimoiy tarmoqlarda muntazam tarzda video darslar tayyorlab, tarbiya fanini o‘quvchilar to‘liq o‘zlashtirishlariga erishib kelmoqda.

–Yoshlar ongiga umuminsoniy qadriyatlar va yuksak ma’naviyatni chuqur singdirish, ularni vatanparvarlik va insonparvarlik ruhida tarbiyalash biz, pedagoglar zimmasidagi muhim vazifadir, – deydi Nigora Hayotova. –bugungi kunda maktabda "Ona tilim, sarchashmangdan sarxush dilim!", "Til bilgan – el biladi", "Til – dil kaliti" kabi mavzularda o‘tkazilayotgan tadbirlarda o‘quvchilarim faol ishtirok etib kelmoqda.
Zarif Komilov,
Tohir Istatov (surat), O‘zA