Moskva Yerevanni migratsiya imtiyozidan mahrum qilishi mumkin
Agar Yerevan Rossiyaning strategik ittifoqchisi sifatidagi maqomini qayta ko‘rib chiqsa, Rossiya Armaniston fuqarolariga nisbatan migratsiya imtiyozini bekor qilishi mumkin. Davlat Dumasi raisi o‘rinbosari Pyotr Tolstoy ta’kidlashicha, ro‘yxatdan o‘tmasdan uzoq muddat yashash va soddalashtirilgan ish bilan ta’minlash kabi imtiyozlar faqat ittifoqchilikka tayanadi. Uning qo‘shimcha qilishicha, Rossiyaga qarshi bayonotlar, rus tiliga bosim va Kiyev bilan yaqinlashish Rossiyadagi arman diasporasi va biznesi ishini xavf ostiga qo‘ymoqda.
Shuningdek, RF Prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov 28-29-may kunlari Ostonada bo‘lib o‘tadigan Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi sammitida a’zo davlatlar rahbarlari Armanistonning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi oqibatini yopiq eshik ortida muhokama qilishi ehtimolini ilgari surdi. Mulozim mazkur tashkilotdan majburan chiqarib yuborish mexanizmi yo‘qligi, mamlakat faqat o‘z tashabbusi bilan chiqib ketishi mumkinligiga ham aniqlik kiritdi.
O‘z navbatida, rasmiy Yerevan keskinlikni kuchaytirish niyatida emasligini ta’kidlamoqda. Mamlakat Xavfsizlik Kengashi kotibi Armen Grigoryan bahsli masalalar mavjudligiga qaramay, Moskva bilan munosabatda inqiroz ko‘rmayotgani, masalan Rossiya bilan temir yo‘l infratuzilmasini takomillashtirish bo‘yicha muzokara davom etayotgani, shu bilan birga Armaniston temir yo‘lini boshqa davlatga imtiyozli boshqaruv uchun o‘tkazish masalasi ham ko‘rib chiqilayotganini aytgan.
Tashqi ishlar vaziri Ararat Mirzoyan bunday yondashuv qo‘llab-quvvatlanishini qayd etarkan, Armaniston rasmiylari Rossiya bilan munosabatda na ikki tomonlama, na YeOII yoki MDH doirasida keskinlik yaratishni mutlaqo istamasligini ma’lum qildi.
Mirzoyan Armaniston eksporti bilan bog‘liq muammo so‘nggi 25 yildan beri kun tartibida ekani, bu masalani mamlakatning Yevropaga moyil qarashi bilan bog‘lamaslik kerakligiga urg‘u berdi. Shuningdek, Yerevan iqtisodiyotini tizimli ravishda diversifikatsiya qilish va yangi bozorlar izlash yo‘lida davom etishini qo‘shimcha qildi.
S.Rahimov, O‘zA