Moskva viloyatida to‘rt nafar o‘zbekistonlik halok bo‘ldi
13 noyabr kuni Moskva viloyatining Solnechnogorsk shaharchasi Pribrejnaya ko‘chasida joylashgan quruvchilarning vaqtincha turar joyida yong‘in yuz berdi.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Moskva shahridagi vakolatxonasi O‘zAga hodisa haqida ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, yong‘in oqibatida o‘sha yerda yashab kelgan migrantlardan 4 kishi halok bo‘lgan, 2 kishi jarohat olgan. Ularning barchasi O‘zbekiston fuqarolaridir.
Vafot etganlar shaxsiga aniqlik kiritilgan. Ular - Otaqulov Shokir O‘roqboyevich (1969 y.t), uning o‘g‘li O‘roqboyev Eldor (1998 y.t), Kubayev Sherali (1987 y.t) va Rahmatov Alisher (1998 y.t) ekani aniqlangan.
Hozirda vafot etgan yurtdoshlarimiz jasadlarini O‘zbekistonga qaytarish choralari ko‘rilmoqda.
Yong‘indan jabrlangan ikki nafar yurtdoshimiz Solnechnogorsk markaziy kasalxonasiga yotqizilgan.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Moskva shahridagi vakolatxonasi hodisa yuzasidan Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan aloqa o‘rnatgan. Yong‘in sabablari o‘rganilmoqda. Hodisa yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Rossiya Federatsiyasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining Moskva yaqinidagi bosh boshqarmasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, yong‘in Moskva vaqti bilan 10:27 da boshlangan, 15:40 da to‘liq o‘chirilgan.
B.Xudoyberdiyev,
O‘zA