“Moody’s” O‘zbekistonning suveren kredit reytingini oshirdi
Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi axborot xizmati ma’lum qildi. Unda qayd etilishicha, “Moody’s” xalqaro reyting agentligi O‘zbekistonning suveren kredit reytingini bir pog‘ona yuqoriga ko‘tarib, “Ba3”dan “Ba2”ga oshirdi. Reyting kutilmasi esa ijobiydan barqarorga o‘zgartirildi.
Agentlik bu qarorni mamlakatda institutsional islohotlar izchil davom etayotgani, iqtisodiy siyosat samaradorligi ortib borayotgani hamda iqtisodiy va fiskal barqarorlik mustahkamlanayotgani bilan izohladi.
Ta’kidlanishicha, so‘nggi bir yilda O‘zbekistonning suveren kredit reytingi olti marta yaxshilangan bo‘lib, bu yangi qarz mablag‘larini jalb qilish xarajatlarini o‘rtacha 1,5 foizga kamaytirish imkonini bergan. Shuningdek, reytingning o‘sishi natijasida 20 dan ortiq bank va korxonalarning reytinglari ham yaxshilanib, ularning tashqi qarz jalb qilish xarajatlari pasaygan.
“Moody’s” hisobotida iqtisodiyotning diversifikatsiya qilinishi, byudjet intizomining kuchayishi, davlat ishtirokini qisqartirish, energetika sohasini liberallashtirish va xususiylashtirish jarayonlari ijobiy baholangan.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyoti tashqi xatarlarga qaramay yuqori o‘sish sur’atlarini saqlab qolmoqda. Xususan, iqtisodiy o‘sish 2025-yilda 7,7 foizni, 2026-yilning birinchi choragida esa 8,7 foizni tashkil etdi.
Shu bilan birga, xalqaro zaxiralarning yuqori darajasi, byudjet taqchilligining qisqarishi va davlat qarzining barqaror saqlanishi mamlakatning kredit qobiliyatini qo‘llab-quvvatlovchi muhim omillar sifatida e’tirof etilgan.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA