Mo‘ljaldagi “kumush tola” olinadi
Prezidentimiz raisligida joriy yilning 12-fevralida qishloq xo‘jaligida yangi zaxiralarni ishga solish hamda ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida pillachilik sohasida foydalanilmayotgan imkoniyatlardan foydalanish, yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha topshiriqlar berilgan edi.
Hozirgi kunda O‘rta Chirchiq tumani hokimligi va tuman “Agropilla” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan pillachilikni rivojlantirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, hududda 2024-yil pilla hosili uchun 2 ming 640 quti, ya’ni 156 tonna pilla xomashyosi yetishtirish belgilangan. Buning uchun joylardagi 243 ta fermer xo‘jaligi va pillachilikka ixtisoslashgan tarmoq korxonalari bilan o‘zaro shartnomalar tuzilgan. Fermer xo‘jaliklari bilan 1 ming 980 quti, kasanachilar bilan 660 quti pilla parvarishi bo‘yicha shartnoma imzolangan.

Bahor mavsumida yakka qator tut ko‘chatlari ekish va eskirgan tutzorlarni tartibga keltirish maqsadida tumanda keng ko‘lamli sa’y-harakatlar ham boshlangan. Jumladan 291 ming tup tut ko‘chati ekildi. Shundan, 191 ming tup yakka qator tut va 100 ming tup eskirgan tutzorlar qayta rekonstruksiya qilindi. O‘z navbatida mazkur tarmoqda aholi bandligini ta’minlash uchun 57 mahalladagi pilla boqish istagini bildirgan pillakorlar bilan qo‘shimcha shartnomalar tuzilmoqda.

– Bu mavsumda ham 6 quti pilla urug‘i oldik, – deydi O‘zbekiston mahallasida yashovchi Mavjuda O‘taganova, – Aslida har yili pilla hosilini belgilangan rejadan oshirib bajarganmiz. Buning uchun bizga biriktirilgan fermer xo‘jaligi barcha sharoitlarni yaratib berdi. Uch nafar kelinim va men shu ish bilan bandmiz. Faqat shu bilan cheklanmay tomorqamizdagi issiqxonada yil bo‘yi turli sabzavot mahsulotlari yetishtiramiz. Pilladan olgan daromadimiz ham har doim yaxshigina bo‘ladi.

– Bugungi kunda pilla yetishtirish uchun 148 gektar maydondagi tutzorlar bor, – deydi tuman “Agropilla” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Bekzod Haydqulov. – Xatlov yakuniga ko‘ra, 2024-yil tayyorlanadigan pilla hosili uchun 2 ming 640 quti xorijiy ipak qurti urug‘i va 166 tonna pilla hosili uchun kontraksiya shartnomalari tuzildi.


Ta’kidlash lozimki, 2024-yil mavsumi uchun “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi yetishtiriladigan pillalarning tavsiyaviy xarid narxlarini e’lon qilgan. Unga ko‘ra, 1 kilogramm o‘rtacha tirik pillaning xarid narxi 40 ming so‘m deb belgilangan.
A.Musayev, O‘zA muxbiri