Moliyaviy jarimalarni qo‘llash tartibi yanada liberallashtiriladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Moliyaviy jarimalarni qo‘llash tartibini yanada liberallashtirish va sud nazorati samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha choralar to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, quyidagilar mazkur qarorning asosiy maqsadlari etib belgilandi:
a) tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan moliyaviy jarimalarni qo‘llashga oid tartib-taomillarni unifikatsiya qilish orqali tartibga solish yukini kamaytirish hamda nazorat qiluvchi organlar va sudlarning bu boradagi vakolatlarini aniqlashtirish;
b) huquqbuzarliklar natijasida yuzaga kelgan majburiyatlar tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan ixtiyoriy ravishda bajarilishini rag‘batlantirish orqali ularning xarajatlar yukini 2 baravargacha qisqartirish uchun sharoit yaratish;
v) tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan moliyaviy jarimalarni qo‘llash bilan bog‘liq jarayonlarni raqamlashtirish orqali qonuniylikni ta’minlash hamda ularning huquq va qonuniy manfaatlari himoyasini mustahkamlash.
2026-yil 1-oktabrdan boshlab shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq:
a) vakolatli organlarning moliyaviy jarimani qo‘llash to‘g‘risidagi qarori tadbirkorlik sub’ektining tanloviga ko‘ra quyidagi shakllardan birida ixtiyoriy ijro etilishi mumkin:
vakolatli organning moliyaviy jarimani qo‘llash to‘g‘risidagi qarori topshirilgan kundan boshlab bir oy muddatda jarima miqdorining 50 foizini ixtiyoriy ravishda to‘lash sharti bilan jarimaning qolgan qismini to‘lashdan ozod etish;
qo‘llangan moliyaviy jarima summasini olti oy davomida teng miqdorlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lash. Bunda tadbirkorlik sub’ekti moliyaviy jarimani qo‘llash to‘g‘risidagi qaror topshirilgan kundan boshlab bir oy davomida jarima summasining oltidan bir qismi miqdoridagi dastlabki to‘lovni to‘laganda, moliyaviy jarimani bo‘lib-bo‘lib to‘lash tartibi avtomatik ravishda amal qiladi;
b) vakolatli organning moliyaviy jarimani qo‘llash to‘g‘risidagi qarori sud tomonidan bekor qilingan yoki haqiqiy emas deb topilgan taqdirda, undirilgan mablag‘lar, shu jumladan, moliyaviy jarima hamda penya yo‘naltirilgan manbalar (tegishli byudjet va byudjet tashkilotlarining byudjetdan tashqari jamg‘armalari va boshqalar) hisobidan 15 kun muddatda mutanosib ravishda qaytariladi va belgilangan muddatda qaytarilmagan summaga nisbatan qaytarish muddati buzilgan har bir kalendar kun uchun Markaziy bankning asosiy stavkasining uch yuzdan biriga teng miqdorida foiz to‘lanadi.
2027-yil 1-yanvardan boshlab Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil tomonidan yuritiladigan "Yagona davlat nazorati" axborot tizimida tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan qo‘llangan moliyaviy jarimalarning elektron reyestri joriy etiladi. Bunda:
a) vakolatli organlarning moliyaviy jarimalarni kqo‘llash to‘g‘risidagi qarorlari ular qabul qilinganidan so‘ng uch ish kunida majburiy tartibda ushbu elektron reyestrga elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan holda, mazkur jarayon to‘liq raqamlashtirilgan hollarda esa bunday qarorlar o‘zaro integratsiyalashgan axborot tizimlari orqali avtomatik ravishda kiritiladi;
b) elektron reyestrga kiritilmagan va elektron raqamli imzo bilan tasdiqlanmagan qarorlar haqiqiy emas deb hisoblanadi va ular asosida moliyaviy jarima undirilmaydi;
v) elektron reyestrda tadbirkorlik sub’ekti tomonidan sodir etilgan qilmishning takroriyligiga oid ma’lumotlar bazasi yuritiladi va xavfni boshqarish tizimi yordamida tahlil qilib boriladi.
2026-yil yakuniga qadar Soliq qo‘mitasi va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda "Yagona davlat nazorati" axborot tizimida tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan qo‘llangan moliyaviy jarimalarning elektron reyestri ishga tushiriladi.
O‘zA