Moliyachilar tajriba almashdi
O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasida “Xalqaro moliya bozorlariga integratsiyalashuv sharoitida O‘zbekiston bank-moliya sohasini modernizatsiyalashning zamonaviy tendensiyalari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasida “Xalqaro moliya bozorlariga integratsiyalashuv sharoitida O‘zbekiston bank-moliya sohasini modernizatsiyalashning zamonaviy tendensiyalari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, O‘zbekiston banklari assotsiatsiyasi va Bank-moliya akademiyasi hamkorligida tashkil etilgan mazkur anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, tijorat banklari va xalqaro moliya institutlari vakillari, xorijiy ekspertlar hamda iqtisodiy sohaga ixtisoslashgan oliy o‘quv yurtlarining professor-o‘qituvchilari va talabalari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi rektori vazifasini bajaruvchi A.Bekmurodov, Oliy Majlis Senatining Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisi F.Umarov, Markaziy bank raisining o‘rinbosari A.Haydarov, Xalqaro moliya korporatsiyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi loyiha muvofiqlashtiruvchisi A.Nasibov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimiz iqtisodiy salohiyati yuksalayotgani tijorat banklarining moliyaviy barqarorligini mustahkamlash, ular faoliyatini xalqaro standartlar darajasiga olib chiqishga zamin bo‘layotganini alohida ta’kidladi.
Mamlakatimizda banklar kapitaliga qo‘shimcha investitsiyalar jalb etish, ularning faoliyatini takomillashtirish, bank xizmatlarini yanada kengaytirish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2010-yil 26-noyabrdagi “2011-2015-yillarda respublika moliya-bank tizimini yanada isloh qilish va barqarorligini oshirish hamda yuqori xalqaro reyting ko‘rsatkichlariga erishishning ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim o‘rin tutmoqda.
“Bank mijoz uchun” tamoyili asosida xalqaro standartlar talabiga mos ravishda xizmat turlarini kengaytirish, qulay ishbilarmonlik va sarmoyaviy muhit yaratish orqali aholi va xorijiy sarmoyadorlar ishonchi qozonilmoqda. Samarali kredit tizimi ishlab chiqarishni rag‘batlantirish, aholi bandligini ta’minlashda muhim omil bo‘layotir.
O‘zbekiston bank-moliya tizimidagi natijalar nufuzli xalqaro moliya institutlari tomonidan ham e’tirof etilmoqda. So‘nggi yillarda “Moody’s”, “Standard & Poor’s” va “Fitch Ratings” kabi xalqaro reyting agentliklari O‘zbekiston bank tizimi faoliyatini “barqaror” deb tasdiqlamoqda.
– O‘zbekistondagi barqarorlik, yuksak makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar va yuqori malakali kadrlar xorijlik investorlarning mamlakatingiz bilan hamkorlik qilish istagi va imkoniyatlarini tobora oshirmoqda, – dedi Koreya Respublikasining Keymyung universiteti professori Chun Keun Jon. – Mamlakatlarimiz biznesmenlari hamkorligida qator istiqbolli qo‘shma loyihalar amalga oshirilayotgani buning yorqin dalilidir. Bank-moliya tizimida hayotga tatbiq etilayotgan islohotlar samarasida mamlakatingizning tashqi iqtisodiy munosabatlari tobora mustahkamlanib, xalqaro maydonda obro‘-e’tibori ortib borayotir. So‘nggi yillarda jahondagi yetakchi reyting kompaniyalari O‘zbekiston bank tizimi faoliyatini “barqaror” deb baholayotgani e’tiborga molik.
Anjuman ishtirokchilari mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, xorijiy investorlar va kichik biznes subyektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash borasida bank tizimi tomonidan keng ko‘lamli ishlar va samarali loyihalar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
– O‘zbekiston – ulkan iqtisodiy salohiyatga ega mamlakat, – dedi Yaponiyaning Keyo universiteti professori Shigeo Kashivagi. – Mamlakatingiz barcha sohalar qatori bank-moliya tizimida ham ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritayotir. O‘zbekistondagi iqtisodiy barqarorlik, qulay ishbilarmonlik muhiti va kreditlash tizimi xorijiy sarmoyadorlarning mamlakatingizga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlamoqda.
Konferensiyada O‘zbekistonda bank nazoratini takomillashtirish va bank tizimida ishbilarmonlik muhitini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda moliya bozori salohiyatidan foydalanish yo‘nalishlari, tijorat banklari moliyaviy barqarorligini ta’minlashda soliq imtiyozlarining ahamiyati, sohada xalqaro hamkorlik, jahon bozorlaridagi global o‘zgarishlar, iqtisodiyotni modernizatsiyalashda lizing bozorining tutgan o‘rni va ahamiyatiga oid ma’ruzalar tinglandi.