Mo‘l hosilning siri
Boyovut tumanida qishloq xo‘jaligida qo‘lga kiritilayotgan yuqori natijalar tasodif emas. Ilmiy yondashuv, zamonaviy agrotexnologiyalar, fermerlarning boy tajribasi va samarali boshqaruv tizimi har bir gektar yerning imkoniyatini to‘liq ishga solishga xizmat qilmoqda.
Mamlakatimizda agrar sohani tubdan modernizatsiya qilish, paxta va g‘alla hosildorligini oshirish, yer hamda suv resurslaridan oqilona foydalanish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Prezidentimiz tashabbusi bilan qabul qilinayotgan qaror va dasturlar sohada ilmiy yondashuvni kuchaytirish, innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish hamda fermerlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Shu maqsadda Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Respublika fermerlar kengashining qo‘shma murojaati e’lon qilinib, unda fermerlar har bir gektar yerdan yuqori hosil olish, suv tejovchi texnologiyalarni qo‘llash, agrotexnik tadbirlarni belgilangan muddatlarda bajarish hamda ilm-fan yutuqlarini amaliyotga keng tatbiq etishga chaqirilgan.
Boyovut tumanida mazkur murojaat mazmuni barcha fermer xo‘jaliklariga yetkazilib, uning ijrosini ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Fermerlar ishtirokida muntazam tashkil etilayotgan dala seminarlari, amaliy o‘quvlar va tajriba almashish tadbirlari yuqori natijalarga mustahkam zamin yaratmoqda.
Tumanda jami 31 ming gektar qishloq xo‘jaligi yerlari mavjud bo‘lib, shundan qariyb 22 ming gektari paxta va g‘alla yetishtirishga ixtisoslashtirilgan. Joriy mavsumda g‘alladan bo‘shagan 9 ming 800 gektar maydonga takroriy ekinlar urug‘lari qadaldi. Shuningdek, aholining oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash maqsadida yana 800 gektar yerga kartoshka ekilmoqda.
[gallery-30597]
Mutaxassislar ta’kidlashicha, takroriy ekinlar nafaqat qo‘shimcha daromad manbai, balki tuproq unumdorligini saqlashning ham muhim omili hisoblanadi. Ayniqsa, mosh kabi dukkakli ekinlar tuproqni tabiiy azot bilan boyitib, keyingi ekin uchun qulay agrofon shakllantiradi. Bu esa mineral o‘g‘itlar sarfini kamaytirish, yerning biologik faolligini oshirish va ekologik barqaror dehqonchilikni ta’minlashga xizmat qiladi.
— Takroriy ekinlar yer unumdorligini saqlash, tuproqdagi biologik jarayonlarni faollashtirish hamda aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. Respublika, viloyat va tuman fermerlar kengashlari tomonidan fermerlarga agrotexnik tavsiyalar, amaliy yordam va huquqiy ko‘mak muntazam ko‘rsatib kelinmoqda, — deydi Boyovut tuman fermerlar kengashi raisi Barno Xolmuhammedova.
Fermerlarning huquqiy manfaatlarini himoya qilish ham kengash faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Xususan, mahsulotini klasterlarga topshirib, mablag‘ini o‘z vaqtida ololmayotgan fermerlar manfaatini himoya qilish maqsadida sudlarga da’vo arizalari kiritilmoqda. Natijada 2025-yilning o‘zida qariyb 12 milliard so‘m mablag‘ni undirish bo‘yicha ishlar ijobiy hal etildi. So‘nggi bir oyda esa 100 dan ortiq da’vo arizasi asosida fermerlar foydasiga qariyb 1,5 milliard so‘m mablag‘ undirildi.
Boyovutda yuqori natijalarga erishishda mehnatni samarali tashkil etish ham muhim omil bo‘lmoqda. Masalan, fermerlar bilan uchrashuvlar va agrotexnik o‘quvlar kunning eng issiq vaqtida emas, balki ertalab soat 6:00–7:00 oralig‘ida o‘tkaziladi. Bu vaqtda sohadagi yangiliklar, agrotexnik tavsiyalar va qabul qilinayotgan qarorlar muhokama qilinib, kunning asosiy qismi to‘liq dala ishlariga bag‘ishlanadi.
Boyovut fermerlarining muvaffaqiyati keyingi ikki yilda erishilgan natijalarda ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. 2025-yilda tumandagi 322 ta fermer xo‘jaligi 10 ming gektardan ortiq paxta maydonida mehnat qilib, 45 ming tonnadan ziyod paxta yetishtirdi. Shu tariqa Boyovut Sirdaryo viloyatida davlat xarid rejasini birinchi bo‘lib bajargan tuman sifatida e’tirof etildi. Har gektardan o‘rtacha 45–50 sentner hosil olingani esa ilmiy asoslangan agrotexnologiyalarning yuksak samarasini ko‘rsatdi.
2026-yilda tuman g‘allakorlari ham davlatga don topshirish bo‘yicha shartnomaviy majburiyatlarini muvaffaqiyatli bajardilar. Davlat don qabul qilish korxonalariga qariyb 40 ming tonna sifatli don topshirildi.
Joriy mavsumda 11 ming 500 gektar maydonda iqlim sharoitiga mos, ertapishar va serhosil g‘alla navlari parvarishlandi. Yerni sifatli tayyorlash, sertifikatlangan urug‘liklardan foydalanish, mineral o‘g‘itlarni ilmiy asoslangan me’yorlarda qo‘llash, suv resurslarini tejab sarflash hamda agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida bajarish yuqori hosildorlikni ta’minladi.
Mavsumni qisqa muddatda va talafotsiz yakunlash maqsadida tumanda 19 ta o‘rim-yig‘im otryadi tashkil qilinib, ular tarkibida 38 ta zamonaviy kombayn va 150 ta yuk tashish texnikasi jalb etildi. Bu hosilni qisqa muddatda, sifatli va nest-nobud qilmasdan yig‘ib olish imkonini berdi.
Yuqori hosildorlikka erishgan «Shohrux Zaynura», «Bekzod Obloqulov», «Boyovut samarasi», «Ro‘ziboy Odilovich», «Abdug‘ani Kattaboy» va «O‘rinboyev Sarvarbek» fermer xo‘jaliklari har gektardan 70–80 sentnergacha don yetishtirib, umumiy xirmonga munosib hissa qo‘shdi.
Xususan, «Bekzod Obloqulov» fermer xo‘jaligida 120 gektar yer maydonining 65 gektarida boshoqli don parvarishlanib, davlatga 300 tonna sifatli don topshirildi.
Zamonaviy texnologiyalar samarasini «Bolg‘ali qilich» fermer xo‘jaligi misolida ham ko‘rish mumkin. «Shuhrat» medali sohibi Shoira Qarshiboyeva rahbarlik qilayotgan mazkur xo‘jalikda ikki yildan buyon Xitoyning Shinjon texnologiyasi asosida paxta yetishtirilmoqda. Qo‘shqator ekish usuli, aniq agrotexnika va suv tejovchi texnologiyalar tufayli har bir tup g‘o‘zaning rivojlanishi uchun qulay sharoit yaratilgan. Ayni paytda g‘o‘zalar shonalab, ko‘sak bog‘lagan. Fermerning ta’kidlashicha, joriy mavsumda har gektardan 50 sentnerdan ortiq paxta hosili olish uchun barcha imkoniyatlar mavjud.
Boyovut tajribasi yana bir muhim haqiqatni tasdiqlamoqda: qishloq xo‘jaligida yuqori natija yer maydonining ko‘pligi bilan emas, balki har bir gektardan olinayotgan samara bilan belgilanadi.
Ilmiy yondashuv, innovatsion agrotexnologiyalar, suv va boshqa resurslarni tejaydigan yechimlar, mehnat intizomi hamda fermerlarning izlanuvchanligi uyg‘unlashgan joyda hosildorlik ham, iqtisodiy samara ham yuksaladi. Boyovutlik fermerlar bu muvaffaqiyat formulasini amalda isbotlamoqda.
Paxtachilik va g‘allachilikda qo‘lga kiritilayotgan yuqori natijalar, takroriy ekinlar hisobiga yerdan samarali foydalanish, fermerlarning huquqiy va amaliy jihatdan qo‘llab-quvvatlanayotgani tumanda barqaror agrar taraqqiyot uchun mustahkam poydevor yaratmoqda. Bu tajriba nafaqat Sirdaryo viloyati, balki respublika miqyosida ham zamonaviy va raqobatbardosh qishloq xo‘jaligini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat) O‘zA