«Miynet ekonomikasi» - qoraqalpoq yoshlariga sovg‘a
Nukusda bo‘lib o‘tgan voqealar barcha yurtdoshlarimiz singari menga ham juda qattiq ta’sir qildi. O‘z farzandlarimdek bo‘lib qolgan shogirdlarim orasida Qoraqalpog‘istonlik yigit-qizlar ham ko‘pchilikni tashkil etadi. Ularni qolaversa, butun qardosh qoraqalpoq elini o‘ylab xavotirga tushdim. O‘ylaymanki, nafaqat men millionlab vatandoshlarimizning qalbi, ongi-shuuri shu paytlarda Nukus shahrida bo‘lib o‘tgan voqealardan larzaga keldi.
Muhtaram Prezidentimiz o‘z vaqtida vaziyatni nazoratiga oldilar. Eng og‘ir damlarda qardoshlarimiz yonida turib dalda va ko‘mak berdilar. Prezidentimiz nafaqat bugun, balki o‘z faoliyatlarida doimo qoraqalpoq elining, u yerdagi og‘ir iqlim sharoitida yashab mehnat qilayotgan xalqning muammolari va tashvishlarini bartaraf etishga harakat qilib keladi. BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida qo‘llariga Orol dengizi hududi xaritasini olib, jahon afkor ommasiga ushbu muammo va uning oqibatlari haqida bong urgan edi. 2021 yil 18 may kuni BMT bosh Assambleyasining 75-sessiyasi yalpi majlisida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taklifiga binoan, ilk bor Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risidagi maxsus rezolyutsiya bir ovozdan qabul qilindi.
Huquqni muhofaza qilish organlarining rasmiy bayonotlariga ko‘ra, voqealar tashkilotchilari hali o‘z fikriga ega bo‘lmagan, irodasi to‘la shakllanmagan yoshlardan o‘zlarining g‘arazli siyosiy maqsadlarida ijrochi sifatida foydalangan.
Demak, jamiyatimizda farzand tarbiyasi uchun mas’ul bo‘lgan, avvalambor, ota-onalar, tarbiyachilar, mahalla, barcha ta’lim muassasalari, keng jamoatchilik, butun xalqimiz, jamoat tashkilotlari jamiyatimiz va davlatimiz birgalikda jipslashib harakat qilishi, farzandlarimizni asrashi lozim.
O‘zbekiston hududi xalqlari qadim-qadimdan ko‘p millatli bo‘lib, tolerantlik tamoyiliga amal qilgan holda yashab kelgan. Bu haqida Abu Rayhon Beruniy bobomiz «Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar» asarida o‘zbek va qoraqalpoq xalqlari nafaqat bir tilda so‘zlashuvchi turkiy millat, balki tarixiy o‘tmishi ham chambarchas bog‘liqligini yozgan.
Yuqorida ta’kidlaganimdek, shogirdlarim orasida ko‘plab qoraqalpog‘istonlik yigit-qizlar bor. Ularning aksariyati ilmga intiluvchan, o‘z kelajagi uchun yetuk mutaxassislar bo‘lib yetishishga ahd qilgan, doim izlanishda bo‘lgan, bilimga chanqoq yoshlar: fan nomzodi, fan doktorlari... Ular hozirda nafaqat Qoraqalpog‘istonda, balki yurtimining boshqa oliy o‘quv yurtlarida turli muassasalarda samarali faoliyat olib bormoqda, mamlakatimiz rivojiga o‘z hissasini qo‘shmoqda.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi sifatida 2019 yili mening yo‘l xaritam dasturiga Nukus, Mo‘ynoq, Beruniy tumanlarida aholining barcha qatlamlari bilan uchrashish belgilangan edi. Uchrashuvga borganimda men Qoraqalpoqlar oddiy, sodda, mehnatkash, sadoqatli insonlar ekaniga yanada amin bo‘lganman. Oxirgi yillarda Nukus shahriga tashrif buyurganimda marhum Jo‘qorg‘i Kenges raisi Musa aka Yerniyozov bilan Saviskiy nomidagi Qoraqalpoq milliy san’at muzeyida bo‘lib, qoraqalpoq xalqi tarixini chuqur o‘rganganimni yaxshi eslayman.
O‘shanda Nukusdagi barcha oliy o‘quv yurtlariga borib, kitoblar sovg‘a qilgandim, talaba yoshlarga Qoraqalpoq tilida ham kitob chiqarishga va’da bergandim. 2020 yilda esa «Miynet ekonomikasi» darsligini qoraqalpoq tilida Nukus nashriyotida chop ettirib, o‘sha yurt yoshlariga sovg‘a qildim.
Noxush xabarlarni eshitiboq, farzandlarimdek bo‘lib qolgan shogirdlarim bilan telefon orqali bog‘landim, hol-ahvol so‘radim. Ilohim, qoraqalpoq elida va yurtimizda tinchlik-osoyishtalik bo‘lsin.
Qalandar Abdurahmonov,
Akademik