Mirobodda jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish ishlari qanday yo‘lga qo‘yilgan?
Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burhonov hamda ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Bahodir Mirzarahimov boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan Toshkent shahrining Mirobod tumanida xavfsiz muhitni shakllantirish, jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganildi.
Ishchi guruh a’zolari va tuman sektor rahbarlari mahallalarda jamoat tartibini ta’minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasini kuchaytirish hamda aholi xavfsizligini mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlarni tahlil qildi.
Bunda faqat mavjud holatni baholash bilan cheklanilmasdan, amaliy natija beruvchi yangi yondashuvlar va mexanizmlar joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Jumladan, ishchi guruh tumanda jinoyatchilik darajasi yuqori bo‘lgan, qizil toifaga kiritilgan Sharof Rashidov mahallasiga tashrif buyurdi. Tashrif davomida mahallada joriy yilning besh oyi mobaynida sodir etilgan jinoyatlar har bir holat kesimida mutasaddi idoralar rahbarlari ishtirokida atroflicha tahlil qilinib, ularning kelib chiqish sabab va omillari muhokama etildi.
Mahallani qizil toifadan chiqarish, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish hamda aholi uchun xavfsiz muhit yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishildi. Muammoli yo‘nalishlar yuzasidan mas’ullarga aniq vazifa va topshiriqlar berilib, ularning ijrosini ta’minlash bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar belgilandi.

Shu bilan birga, mahalliy aholi bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotlar davomida fuqarolarni tashvishga solayotgan ijtimoiy va huquqiy muammolar tinglandi. Xususan, jamoat xavfsizligi, yoshlar bandligi, huquqbuzarliklar profilaktikasi, obodonlashtirish hamda ijtimoiy infratuzilmani yaxshilashga oid taklif va murojaatlar o‘rganildi.
Har bir masala yuzasidan mas’ul tashkilotlar ishtirokida manzilli chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, ularni qisqa muddatlarda hal etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.
Bundan tashqari, ishchi guruh a’zolari Mirobod tumanidagi Fayziobod mahallasiga tashrif buyurib, hududda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, profilaktika ishlarini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish hamda mavjud muammolarni manzilli hal etish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Uchrashuvda mahallada kriminogen vaziyatni barqaror saqlash, huquqbuzarlikka moyil shaxslar bilan individual ishlash, ijtimoiy profilaktika mexanizmlarini takomillashtirish, shuningdek, sektorlar, mahalla faollari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.
Yig‘ilishda yoshlar va xotin-qizlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, bandligini ta’minlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar bilan manzilli ishlash hamda muammolarni erta aniqlashga qaratilgan profilaktik chora-tadbirlarni izchil davom ettirish zarurligi alohida qayd etildi.
Bundan tashqari, yoshlar orasida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasi hamda ularni iste’mol qilishning oldini olish bo‘yicha profilaktik tadbirlarni kuchaytirish, ta’lim muassasalari, ota-onalar, mahalla fuqarolar yig‘inlari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligini mustahkamlash, targ‘ibot-tashviqot ishlarini zamonaviy va ta’sirchan usullar asosida tashkil etish yuzasidan aniq vazifalar belgilab berildi.
N.Abduraimova, O‘zA