Mintaqada tinchlik, barqaror taraqqiyot va farovonlikni ta’minlashga xizmat qiladigan muhim qadamlar
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga davlat tashrifi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqadigan, Markaziy Osiyoda o‘zaro ishonch, hamjihatlik va integratsiyani yanada mustahkamlashga xizmat qiladigan muhim siyosiy voqea bo‘ldi.
Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Odiljon Mamatkarimov shu haqda munosabat bildirdi:
– Jahonda kechayotgan murakkab geosiyosiy jarayonlar, global iqtisodiyotdagi beqarorlik, xalqaro xavfsizlikka oid yangi tahdidlar hamda transport-logistika zanjirlaridagi o‘zgarishlar har bir davlatdan tashqi siyosatni chuqur o‘ylangan, uzoqni ko‘zlaydigan va o‘zaro manfaatli hamkorlik tamoyillari asosida yuritishni talab etmoqda. Ayniqsa, tarixiy, madaniy va iqtisodiy jihatdan bir-biri bilan chambarchas bog‘langan Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotning eng muhim omili – yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch va integratsiyani yanada mustahkamlashdan iborat.
Keyingi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatida aynan ana shu tamoyillar ustuvor ahamiyat kasb etmoqda.
Qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish, ochiq va ishonchli muloqotni yo‘lga qo‘yish, mavjud muammolarni muzokaralar va o‘zaro hurmat asosida hal etish mamlakatimiz tashqi siyosatining muhim belgisiga aylandi.
Bu siyosat nafaqat O‘zbekistonning milliy manfaatlarini ta’minlashga, balki Markaziy Osiyoni barqaror taraqqiyot, iqtisodiy o‘sish va o‘zaro manfaatli hamkorlik hududiga aylantirishga xizmat qilmoqda.
Bugun mintaqada yuzaga kelgan yangicha siyosiy muhit ham aynan shu izchil siyosatning amaliy natijasidir. Agar bir necha yil muqaddam Markaziy Osiyo ko‘proq chegaralar, o‘zaro ishonchsizlik va yechimini kutayotgan masalalar bilan tilga olingan bo‘lsa, bugun mintaqa davlatlari o‘rtasida strategik sheriklik va o‘zaro manfaatli hamkorlik ustuvor yo‘nalishga aylandi.
Transport-kommunikatsiya yo‘laklarini birgalikda rivojlantirish, energetika va suv resurslaridan samarali foydalanish, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, ta’lim, ilm-fan hamda madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikning izchil rivojlanayotgani Markaziy Osiyoning xalqaro maydondagi siyosiy va iqtisodiy ahamiyati tobora ortib borayotganidan dalolat beradi.
Buni Qirg‘iz Respublikasining 2027-2028-yillarda BMT Xavfsizlik kengashining doimiy bo‘lmagan a’zosi etib saylangani ham yaqqol tasdiqlaydi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, mazkur voqea nafaqat qardosh Qirg‘izistonning xalqaro nufuzi yuksalayotganini, balki butun Markaziy Osiyo davlatlarining xalqaro munosabatlar tizimidagi o‘rni va ovozi tobora mustahkamlanib borayotganini anglatadi. Bu esa, mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi o‘zaro hamjihatlik va birdamlikni yanada kuchaytirish zarurligini ko‘rsatadi.
Keyingi yillarda Markaziy Osiyoda shakllangan o‘zaro ishonch muhiti endi alohida tashabbuslar darajasidan institutsional hamkorlik tizimiga aylanmoqda. Bu jarayon mintaqa davlatlari o‘rtasidagi munosabatlarning barqarorligi va uzoq muddatli rivojlanishini ta’minlaydigan muhim omilga aylanib bormoqda.
Ana shunday sharoitda Prezidentning Qirg‘izistonga davlat tashrifi ham mintaqadagi integratsiya jarayonlarining mantiqiy davomi va amaliy ifodasi sifatida alohida ahamiyat kasb etdi.
Cho‘lponota shahrida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi muzokaralar davomida nafaqat ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati tahlil qilindi, balki uni uzoq istiqbolga mo‘ljallangan aniq mexanizmlar asosida rivojlantirish bo‘yicha muhim qarorlar qabul qilindi.
Eng muhimi, ikki davlat rahbarlari Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi. Bu munosabatlarni strategik sheriklikdan davlatlararo aloqalarning eng yuqori darajasiga olib chiqqan tarixiy voqea bo‘ldi.
Shu bilan birga, Prezidentlar raisligida Davlatlararo kengash tuzishga kelishib olingani esa qabul qilingan qarorlar va kelishuvlarning uzluksiz hamda tizimli amalga oshirilishini ta’minlaydigan yangi institutsional mexanizmni yaratdi.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, bugungi kunda ikki mamlakatning asosiy maqsadi – ikki qardosh xalqni yanada yaqinlashtirish, munosabatlarni xalqlar farovonligiga xizmat qiladigan yangi mazmun, yangi loyihalar va yangi tashabbuslar bilan boyitishdan iborat.
Aynan shu g‘oya tashrifning siyosiy falsafasini tashkil etadi. Zero, bugungi kunda O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi munosabatlarning mustahkamlanishi faqat ikki davlat manfaatlariga emas, balki Markaziy Osiyoda ishonch muhitini yanada kuchaytirish, mintaqaviy integratsiyani chuqurlashtirish va umumiy taraqqiyot uchun yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, ittifoqchilik munosabatlarining huquqiy asoslari yaratilgani, iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, energetika, ta’lim, ilm-fan va madaniy-gumanitar sohalarda qabul qilingan kelishuvlar nafaqat ikki qardosh xalq manfaatlariga, balki butun mintaqada tinchlik, barqaror taraqqiyot va umumiy farovonlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
N.Abduraimova,O‘zA