Minnatdorlik tuygʻusi bilan
Viktor Nikolayevich ona tilimizga hurmat bilan qaraydigan, ibratli milliy fazilatlarimizni minnatdorlik bilan eʼtirof etadigan mehridaryo inson.
Munosabat
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, Oʻzbekiston koreys madaniyat markazlari uyushmasi raisi Viktor PAK yaxshilikning qadriga yetadigan, ezgulikka xayrixoh, qalbi allaqachon oʻzbeklashib ketgan hamyurtlarimizdan.
Viktor Nikolayevich ona tilimizga hurmat bilan qaraydigan, ibratli milliy fazilatlarimizni minnatdorlik bilan eʼtirof etadigan mehridaryo inson.
– Bugungi sinovli kunlarda oʻzbek xalqining qanday millat ekani yana bir karra jahonga namoyon boʻlmoqda, – dedi Viktor Pak. – Aslida, qadimdan oʻzbek xalqi saxovatli, bagʻrikeng sanalgan. Qoʻni-qoʻshnilarga, muhtojlarga yordam qoʻlini uzatish oʻzbeklarning qon-qonida bor.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan boshlanib, endilikda tobora keng quloch yozayotgan “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati endilikda jonajon Vatanimiz – Oʻzbekiston boʻylab tobora avj olayotgani quvonarlidir.
Bugungi kunda barcha tadbirkorlar, saxovatpesha insonlar ushbu harakatga qoʻshilishni oʻzining ham fuqarolik, ham chin farzandlik burchi, deb bilmoqda. Imkoni bor barcha hamyurtlarimiz bu ezgu ishga baholi qudrat hissa qoʻshmoqda.
Prezidentimizning barcha xavfni oldindan koʻra turib, tezkor, amaliy, qatʼiyat bilan koʻrgan choralari sababligina davosi nomaʼlum boʻlgan dardning oldi olinmoqda. Ayni paytda shifokorlarimizning qahramonligi, Milliy gvardiya, harbiylar, ichki ishlar, yoʻl-patrul xizmati, favqulodda holatlar boʻyicha soha mutaxassislarining fidoyiligi, xalqimizning sabru qanoati xavfli kasallik balosini yengishda muhim omil boʻlmoqda.
1937-yilda sobiq shoʻrolar davrida koreys xalqi bu yerlarga majburiy olib kelingan edi. Ogʻir damlarda birinchi boʻlib yordam qoʻlini uzatgan ham, bir burda nonini biz bilan baham koʻrgan ham oʻzbek xalqi boʻldi. Bu yaxshilikni biz hamisha cheksiz hurmat va minnatdorlik bilan yodda saqlaymiz.
Ikkinchi jahon urushi yillarida Oʻzbekiston boshiga musibat tushgan qancha-qancha bolalarni oʻz bagʻriga oldi. Holbuki, ularning birontasiyam bolalar uyida qolib ketmadi. Bari oʻzbek xonadonlarida, oilalarda kamolga yetdi.
Hozirgi sinovli kunlarda oʻzbek xalqining bu fazilati bor boʻy-basti bilan namoyon boʻlmoqda.
Koʻp millatli mamlakatimizda koreyslar ham ahil va yagona oila farzandlaridek istiqomat qilayotir. Ularning koʻpchiligi oʻzbek tilini yaxshi biladi. Oʻzbekona qadriyatlar, anʼanalarga alohida hurmat bilan qaraydi.
Farzand taʼlim-tarbiyasini ustuvor bilgan yurtimizda – jonajon Oʻzbekistonimizda jahonda birinchilardan boʻlib on-layn maktablar, teledarslar tashkil etildi. Aytishgagina oson boʻlgan bu jihat aslida juda katta va ezgu, savobli saʼy-harakatdir. Ushbu teledarslardan bugun millati, tilidan qatʼi nazar, barcha bolalar birdek bahramand boʻlmoqda. Vaholanki, dunyoda IT sohasi ilgarilab ketgan davlatlar ham bor-ku. Lekin Oʻzbekistonning bolalar uchun birinchilardan boʻlib on-layn mashgʻulotlar joriy etgani ota-onalar, oʻquvchilar, ustozlar, yurtimiz va xalqaro jamoatchilikda yuksak baholanmoqda.
Xalqimizning ahilligi, hamjihatligi bugungi sinovli kunlarni munosib tarzda yengishga imkon berayapti. Zero, Prezidentimiz tomonidan koʻrilayotgan tezkor, uzoqni koʻzlovchi, kuchli ijtimoiy himoyaga yoʻnaltirilgan amaliy choralar yurtdoshlarimizning koʻnglini koʻtardi. Dunyo miqyosida yuksak eʼtirof etilmoqda.
OʻzA muxbiri
Nazokat USMONOVA
yozib oldi