Mingtepa – zamonaviy turizm markaziga aylanadi
Keyingi yillarda mamlakatimizda milliy va tarixiy qadriyatlar, ma’naviy-madaniy merosni asrab-avaylash, saqlash, ulardan foydalanish, ushbu sohada ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda madaniy meros ob’ektlarini o‘rganish nafaqat tarixiy haqiqatni tiklash, balki iqtisodiyotning muhim tarmog‘i bo‘lgan turizm industriyasini yuksaltirishda ham strategik ahamiyat kasb etmoqda.

Shu o‘rinda Jahon iqtisodiy Forumi tomonidan O‘zbekistonning 2024 yilda “Turizmni rivojlantirish bo‘yicha dunyoning eng faol mamlakati” deb topilgani bu boradagi islohotlarning xalqaro e’tirofidir.
Yurtimizdagi 8 ming 200 dan ortiq madaniy meros ob’ekti orasida Andijon viloyatidagi 400 dan ortiq madaniy meros yodgorliklarining ham alohida o‘rni bor. Viloyatdagi madaniy yodgorlik ob’ektlarining katta qismini arxeologik manzilgohlar tashkil etadi. Ularning orasida Marhamat tumanidagi “Mingtepa” arxeologiya yodgorligi o‘zining ko‘lami, miqyosi va tarixiy ahamiyati bilan alohida ajralib turadi.
Mingtepa – miloddan avvalgi IV – milodiy V asrlarda mavjud bo‘lgan qudratli Dovon davlati poytaxti – Ershi shahrining tirik xarobalaridir. Farg‘ona vodiysi, Qirg‘izistonning O‘sh va Tojikistonning Xo‘jand viloyatini o‘z ichiga olgan bu davlat qadimda o‘zining “samoviy otlari” va yuksak shaharsozlik madaniyati bilan mashhur bo‘lgan.

Qal’aning ichki qismi 38 gektar, tashqi qismi esa 230 gektar maydonni egallagani uning o‘z davrida naqadar yirik shahar bo‘lganidan dalolat beradi. Xitoy olimlarining e’tirof etishicha, Mingtepa Sharq va G‘arbni bog‘lagan Buyuk Ipak yo‘li madaniyatlarining integratsiyalashuvini o‘rganishda o‘ziga xos bog‘lovchi shahar hisoblanadi.
“Mingtepa” arxeologik yodgorligini muhofaza va tadqiq qilish ishlari so‘nggi yillarda davlat va hukumat darajasidagi bir qator qarorlar bilan mustahkamlandi. Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 29 dekabrdagi “Andijon viloyatining Marhamat tumanidagi “Mingtepa” arxeologiya merosi ob’ektini muhofaza qilish, tadqiq etish va undan oqilona foydalanish to‘g‘risida”gi qarori yodgorlikni saqlash va o‘rganishda yangi bosqichni boshlab berdi. Ushbu ob’ektda 2012 yildan buyon xitoylik va mamlakatimiz mutaxassislaridan iborat xalqaro ekspeditsiyalar ish olib borilmoqda.
Madaniy meros ob’ektlarini o‘rganish, tadqiq etishda nafaqat davlat, balki jamoat tashkilotlarining o‘rni ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Jumladan, 2018 yilda Marhamat tumanida tashkil etilgan “Mingtepa – madaniy meros” jamoat fondi faoliyati bunga yaqqol misol bo‘la oladi.

O‘tgan yillar davomida Fond tomonidan amalga oshirilgan loyihalar doirasida ochiq va yopiq “Mingtepa” tarixiy muzeylari tashkil etildi, katta avtomobil yo‘llari bo‘ylarida “Qo‘narg‘a” ramziy maskani va “samoviy otlar karvoni” xiyobonlari yaratildi.
Natijada, har yili o‘n mingdan ziyod mahalliy va xorijiy mehmonlar ushbu maskanga tashrif buyurmoqda. Shuningdek, tuman hududida tibbiyot, gastronomik va ekoturizm yo‘nalishlarida yigirmadan ortiq yangi turistik ob’ektlar, jumladan, “Marhamat chinni somsalari” markazi va “Daraxtlar ustidagi oromgoh” kabi etnomaskanlar yaratilgan.
Prezidentimizning 2019 yilda Andijon viloyatiga tashrifi chog‘ida jamoat fondi mutaxassislari tomonidan “Mingtepa” arxeologiya yodgorligini obodonlashtirish, uning bazasida ichki turizmni tashkil etish hamda zamonaviy tarzda rivojlantirish masalalari yuzasidan taqdimot ham qilingan.
Ana shu taqdimot doirasida fond BMT Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh Assambleyasining Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan 25-sessiyasi, Toshkent shahrida o‘tkazilgan xalqaro turizm yarmarkasida maxsus ko‘rgazma va takliflari bilan ishtirok etdi. Shu bilan birga, Xitoy va O‘zbekiston qo‘shma ekspeditsiyasi tomonidan “Mingtepa” arxeologik yodgorligiga doir ilmiy yangiliklarni jamoatchilikka yetkazish uchun “Ko‘hna Dovon sirlari” 1-xalqaro arxeologiya turizmi forumi o‘tkazildi.
“Mingtepa – madaniy meros” jamoat fondi tashabbusi bilan 18 aprel – “Yodgorliklarni va tarixiy joylarni asrash xalqaro kuni” munosabati bilan bir necha yildan buyon an’anaviy tarzda ilmiy-amaliy anjumanlar o‘tkazib kelinadi. Bundan tashqari, yosh olima Shahlo Husanova “Mingtepa”ning Markaziy Osiyo tarixi hamda “Buyuk ipak yo‘li” savdo aloqalar tizimidagi roli va ahamiyatiga oid “Mingtepaning O‘zbekiston tarixida tutgan o‘rni” mavzusidagi ilmiy ishini himoya qildi.
Dunyo tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, “Mingtepa” kabi noyob arxeologik yodgorliklarni nafaqat tarixiy meros, balki kuchli iqtisodiy va turistik drayverga aylantirish mumkin. Shuni alohida ta’kidlash lozim, “Mingtepa” arxeologiya yodgorligi nafaqat O‘zbekiston, balki jahon sivilizatsiyasining ajralmas qismidir. Biroq, ob’ektning to‘liq salohiyatini yuzaga chiqarish uchun hali amalga oshiriladigan ishlar, yechimini kutayotgan muammolar talaygina.
Qazishma ishlarini jadallashtirish, topilgan ashyolarni butun holicha saqlash va hududni obodonlashtirish hamda infratuzilmani zamon talablari asosida rivojlantirish uchun qo‘shimcha mablag‘, tashabbus va kompleks yondashuv zarurligini hayotning o‘zi taqozo etmoqda.
Kelgusida “Mingtepa” madaniy yodgorligini YUNESKOning Umumjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritish choralarini ko‘rish, ob’ekt negizida xalqaro me’yor va standartlarga javob beradigan “Ochiq osmon ostidagi muzey” tashkil etish, Marhamat tumani nomini tarixiy ahamiyati va darajasi yuqori bo‘lgan Mingtepa nomiga o‘zgartirish masalasini ko‘rib chiqish, sayyohlar oqimini kengaytirish, zamonaviy infratuzilma yaratish maqsadida qo‘shimcha yer maydonlari ajratish, xizmat ko‘rsatish ko‘lami hamda sifatini oshirish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Bir so‘z bilan aytganda, “Mingtepa” yodgorligi majmuasini muhofaza qilish va ilmiy tadqiq etish, faqat tarixiy mas’uliyat emas, balki milliy o‘zlikni anglash va ajdodlarning insoniyat sivilizatsiyasiga qo‘shgan benazir hissasini kelajak avlodlarga yetkazish strategik vazifalardan biridir.
Adhamjon Uzoqjonov,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi
Andijon viloyati hududiy bo‘linmasi bosh mutaxassisi.
O‘zA.