Minglab onalar vokzalga nega chiqdi...
Ikkinchi jahon urushida erishilgan Buyuk g‘alabaga o‘zbek xalqining asl o‘g‘il-qizlari jang maydonlarida ko‘rsatgan mardligi va matonati, jasorati va fidoyiligi bilangina emas, front ortidagi mardonavor mehnati va misli ko‘rilmagan saxovati bilan ham ulkan hissa qo‘shdilar.
Ikkinchi jahon urushida erishilgan Buyuk g‘alabaga o‘zbek xalqining asl o‘g‘il-qizlari jang maydonlarida ko‘rsatgan mardligi va matonati, jasorati va fidoyiligi bilangina emas, front ortidagi mardonavor mehnati va misli ko‘rilmagan saxovati bilan ham ulkan hissa qo‘shdilar.
Urush olovi ichida qolgan hududlardan yurtimizga 1 milliondan ortiq kishi ko‘chirib keltirildi. Ularning 200 mingtasi bolalar edi. Xalqimiz ularga boshpana berib, so‘nggi burda nonini ham baham ko‘rib, ota-onasidan ajralgan bolalarni o‘z farzandlari qatori tarbiyasiga olib, butun dunyoga haqiqiy insonparvarlik fazilatlarini namoyish etdi.
Ko‘chirib keltirilgan bolalarni qabul qilishni tartibli yo‘sinda tashkil etish maqsadida respublika hukumatining qarori bilan 1941 yil oktabrda evakuatsiya qilingan bolalarni qabul qilish uchun markaziy punkt tashkil etilib, joylashtirish bo‘yicha respublika, viloyat, shahar va tuman komissiyalari tuzildi. Ko‘pgina oilalar 20 tagacha yetim bolalarni o‘z tarbiyasiga olgan.
O‘zbekistonning boshqa hududlarida bo‘lgani kabi farg‘onaliklar ham butun sobiq ittifoqidan mamlakatga yuborilgan odamlarni insoniylik, mehmondo‘stlik, mehr-shafqat bilan, ayniqsa, yetimlarni o‘zbekona onalik mehri bilan kutib oldi. O‘zbekistonlik ayollarga evakuatsiya qilingan bolalarni asrab olishga va onalik mehri ko‘rsatishlari haqida qilingan chorlovlarga minglab ayollar kelgan. Ular vokzallarga kelib bolalarni o‘z oilalariga olib ketgan.
– Evakuatsiya qilinganlarning o‘zlarini hech kimga keragi yo‘q, begonalardek his qilmasliklari uchun qo‘lidan kelganlaricha harakat qilishdi, ular uchun bolalar uylari tashkil etildi, – deydi Farg‘ona viloyati arxiv ishi hududiy boshqarmasi boshlig‘i Yusufjon Kamolov. –Mehnat faoliyatlarini olib borish va texnikumlarda o‘qishlarini davom ettirishlari uchun keng sharoitlar yaratildi. Bular to‘g‘risida Farg‘ona viloyat davlat arxivi saqlovidagi mavjud tarixiy hujjatlar guvohlik beradi. Jumladan, davlat arxivi saqlovidagi O‘z.SSR sK KP (byuro) Kommunistik partiya Markaziy qo‘mitasining va O‘zbekiston SSR xalq komissariyat kengashining (FVDA f.1124.r.7 h.46 v.293-294, 1941 yil) 1941 yil 15-26 noyabr kungi “Frontoldi chiziqlaridan evakuatsiya qilingan bolalarni joylashtirish” to‘g‘risida” gi №1758-qarori bilan voyaga yetmaganlarning taqsimlash tartibi ishlab chiqilgan edi.
Mazkur qarorga muvofiq, 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarni O‘zbekiston SSR xalq maorif komiteti (narkompros) yo‘llanmasi orqali bolalar uyiga yuborish, 15 yoshdan katta o‘smirlarni narkomat yoki xo‘jalik tashkilotlari yo‘llanmalariga asosan ishlab chiqarishga va qishloq xo‘jalik ishlariga jalb qilish, shuningdek, FZT (Farg‘ona zavod ta’limi) maktabi, hunarmandlar va temiryo‘l bilim yurtlariga joylashtirish belgilangan.
Viloyat ijroiya qo‘mita ko‘rsatmasi bilan frontoldi hududlardan evakuatsiya qilingan bolalar uyi tarbiyalanuvchilari uchun qishloq xududlarida joy tayyorlash ishlari olib borilgan. Xususan, Farg‘ona viloyati bo‘yicha 300 ta lagerlar va 28 ta o‘quv yurtlari mol-mulklari hamda 300 dan ortiq go‘daklar uylarini qo‘shimcha jixozlash vazifalari belgilangan.
Farg‘ona viloyat ijroiya qo‘mitasining ishchi deputatlar kengashi va Farg‘ona viloyat (KP-(B)) Kommunistik partiya byurosining (FVDA f.1124 r.7 h.47 v.68 1941 y) 1941 yil 9 dekabr kungi “Voronej viloyatidan 5 ta bolalar uyi va 1 ta go‘daklar uyidan kelgan bolalarni Farg‘ona viloyatga joylashtirish to‘g‘risida” gi №105-son qarori 2-bandida bayon qilinishicha, Voronej viloyatidagi bir qator bolalar uylarining tarbiyalanuvchilari Farg‘ona viloyatidagi turli hududlariga joylashtirilgan. Jumladan, Rossoshan bolalar uyidan 110 nafar bolalar Qo‘qonga, Kontimirov bolalar uyidan 64 nafar bolalar Frunze rayoni ( hozirgi Dang‘ara) Nayman qishlog‘iga, Voguchar bolalar uyidan 84 nafar bolalar Ganjiravon qishlog‘iga, Voronej viloyatining 20-sonli go‘daklar uyi tarbiyalanuvchilari Marg‘ilon shahridagi 1-sonli bolalar bog‘chasiga joylashib, xalqimiz mehridan bahramand bo‘lgan.
Farg‘ona viloyat ishchi deputatlar ijroiya qo‘mitasi (FVDA f.1124, r.7, h.1087, v.12, 1943 y)ning 1943 yil 10 iyun kungi “Viloyatning rayonlarida yangi bolalar uylari tashkil etish to‘g‘risida”gi № 437-son qaroriga asosan So‘x rayonida 100 kishi, Molotov rayonida 200 kishi, Buvayda rayonida 150 kishi va Farg‘ona shahrida 250 kishiga mo‘ljallangan qo‘shimcha bolalar uylari tashkil etilgan. Yangi tashkil etilgan bolalar uylariga yordamchi xo‘jalik sifatida foydalanish uchun 5-10 gektardan yer uchastkalari ajratilgan.
Farg‘ona viloyat ijroiya qo‘mitasining xalq ta’limi bo‘limi va xalq maorif komiteti (FVDA f.1125, r.1, h.116, l.68,72, 1943-1945 yy) arxiv fondining Farg‘ona viloyat bolalar uylarining 1944-1945 yillardagi holati va ularning qishgi mavsumga tayyorgarligi to‘g‘risidagi hujjatda Farg‘ona viloyat bo‘yicha 01.01.1944 yil holatiga ko‘ra 4880 nafar tarbiyalanuvchilarni o‘z ichiga olgan 33 ta bolalar uyi bo‘lgan, 1944 yil davomida esa Toshloq, Vodil va Farg‘ona shaharlarida yana 3 ta bolalar uyi ochilgan. Yetim bolalarning 1852 nafari qiz bolalar ekanligi, chin yetimlar soni 1258 tani tashkil etib, urush qatnashchilarining bolalari 1871 tani ulardan 207 tasi go‘daklar va 1280 tasi evakuatsiya qilingan bolalardan iborat ekanligi bayon qilingan.
Yana minglab yetim bolalarni esa farg‘onalik oilalar o‘z bag‘rilariga olib, ularning o‘ksintirmay, baxtiyor yashashi uchun borlarini ayamaganlar. Ikkinchi jahon urushida ko‘rsatgan xalqimizning ana shunday oliyjanob ishlarini barcha mamnuniyat bilan esga oladi. Oradan shuncha yillar o‘tgan bo‘lsa-da, o‘zbek oilalarida boshpana topib, hayotdan o‘z o‘rnini topgan minglab turli millat vakillari O‘zbekistonni jon qadar ardoqlashadi.