“Mingchinor”da “Mahalla servis” tashkil etildi
Jizzax viloyatida Prezidentimizning 2024 yil 25 iyundagi “Mahallalarni obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish va qiyofasini tubdan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida vohadagi har bir mahallada servis xizmatlarini tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Davlatimiz rahbarining ushbu qaroriga ko‘ra, “Mahalla servis” kompaniyalari mahallalarda obodonlashtirish, tozalash, ta’mirlash va boshqa xizmatlar ko‘rsatish bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etishning yangi mexanizmlarini joriy qilish, aholi va kommunal xizmat tashkilotlari o‘rtasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda mahallalar hududida yashovchi aholini mahalla obodligiga keng jalb qilish maqsadida tashkil etish vazifasi qo‘yilgan bo‘lib, mahalladagi yakka tartibdagi xonadonlar hamda hududdagi ijtimoiy soha ob’ektlariga xizmat ko‘rsatishi belgilangan.
Ana shunday xizmatlardan biri Paxtakor tumanidagi “Mingchinor” mahalla fuqarolar yig‘inida tashkil etilib, ushbu “Mahalla servis” kompaniyasi uchun yangidan bunyod etilgan bino foydalanishga topshirildi. Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda tuman hokimligi, mehnat faxriylari, mahalla faollari va jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi va unda so‘zga chiqqanlar yangi servisning bajaradigan ishlari, mahalla ahli uchun foydali va qulay tomonlari borasida to‘xtalib o‘tishdi.

Tumandagi “Mingchinor” MFY hududida o‘z faoliyatini boshlagan, servis xizmatlari ko‘rsatishga ixtisoslashgan “Mahalla servis” kompaniyasining bu yangi binosi qurilishiga 350 million so‘m mablag‘ sarf qilindi.
Kompaniyaga 11 turdagi asbob-uskunalar ajratilib, shu mahallada istiqomat qiluvchi, vaqtincha ishsiz bo‘lgan 6 nafar fuqaro doimiy ish o‘rni bilan ta’minlandi.
Davlatimiz rahbarining yuqorida nomi zikr etilgan qororiga ko‘ra, mahalla fuqarolar yig‘ini hamda servis kompaniyasi o‘rtasida xizmat ko‘rsatish shartnomasini tuzish to‘g‘ridan-to‘g‘ri amalga oshiriladi va servis kompaniyasi hudud obodligini ta’minlash ishlarini mahalla fuqarolar yig‘inining buyurtmasi va nazorati asosida amalga oshirishi belgilab qo‘yilgan.
Mazkur “Mahalla servis” kompaniyasi 23 turdagi xizmat ko‘rsatishni o‘z ichiga olgan bo‘lib, mahallaning buyurtmasi asosida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish xizmatlarini bajaradi. Ariqlar va sug‘orish tizimlarini tozalaydi, ko‘chalarning tozaligini ta’minlaydi, ko‘chatlar ekish, sug‘orish, parvarishlash kabi ishlarni amalga oshiradi. Shu o‘rinda, ushbu servis mahalladagi 997 ta yakka tartibdagi xonadonga xizmat ko‘rsatish ishlarini allaqachon boshlab yuborganini ham ta’kidlab o‘tish joiz.

Bulardan tashqari, kompaniya shartnoma asosida hududdagi ijtimoiy soha ob’ektlariga obodonlashtirish va kommunal ekspluatatsiya xizmatlari ko‘rsatib, chiqindilarni yig‘ib saralaydi, ularning chiqindi korxonalari tomonidan olib chiqib ketilishini tashkil etadi hamda aholining ehtiyojlaridan kelib chiqib, boshqa turdagi ijtimoiy ahamiyatdagi pullik xizmatlar ko‘rsatishni ham amalga oshirib boradi.
E’tiborlisi, mahalla fuqarolar yig‘inining topshirig‘iga asosan, hududdagi ehtiyojmand va kam ta’minlangan oilalarga kompaniya tomonidan beminnat xizmat ko‘rsatish ham ikki tomonlama tuzilgan shartnomada o‘z ifodasini topgan.
Muxtasar qilib aytganda, endi mahalla raisi yoki “yettilik”ning boshqa a’zolari hali u, hali bu tashkilot yoki korxona rahbari ortidan “Texnika berib turing”, “Yerni haydab bering”, “Chiqindilarni chiqarib bering” deya ergashib yurmaydi. Chunki endi mahallaning o‘z xizmat ko‘rsatuvchi servisi mavjud.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari