Mineral resurslar instituti Xitoy kompaniyasi bilan hamkorlikni kengaytirmoqda
“Mineral resurslar instituti” davlat muassasasi va Xitoyning “Shensi yadro sanoati guruhi” tarkibidagi “218-brigada” kompaniyasi vakillari o‘rtasida hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda geologiya sohasida ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish, mutaxassislar salohiyatini oshirish hamda qo‘shma ilmiy-amaliy loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari xususida so‘z bordi.
Tomonlar, shuningdek, kadrlar malakasini oshirish, zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirish va ishlab chiqarish jarayonlariga tatbiq etish, ilmiy izlanishlarni birgalikda olib borish hamda qo‘shma laboratoriya tashkil etish masalalari bo‘yicha fikr almashdi.
Ta’kidlanganidek, bunday hamkorlik geologiya sohasida ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish, innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish, ilg‘or tajribalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish hamda yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi axborot xizmatiga ko‘ra, uchrashuv yakunida hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab beruvchi o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA