Milliylikka yoʻgʻrilgan ijod
Oʻzbekistonlik mahoratli rassom ayol ijodiga oid koʻrgazma va mahorat darsi qardosh yurtning sanʼat muxlislarida katta taassurot qoldirdi.
Dilorom Mamedova ijodida milliylik barq urgan, u har birimiz uchun qadrdon boʻlgan mehr, sadoqat, tugʻilib oʻsgan zaminga, ota-onaga, umrboqiy ezgu anʼanalarga ehtirom kabi tuygʻularni betakror tarzda ifodalay olgan moʻyqalam sohibasi sanaladi.
Qozogʻistonning “Tan-Sholpan” mustaqil xalqaro ayol rassomlar fondi taklifiga muvofiq, Oʻzbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi aʼzosi, “Shuhrat” medali sohibasi, “Eski shahar” ijodiy guruhi asoschilaridan biri, taniqli rassom Dilorom Mamedova qardosh qozoq diyorida ijodiy safarda boʻlib qaytdi.
Mazkur fond Qozogʻiston, Oʻzbekiston, Turkmaniston, Tojikiston, Qirgʻiziston, Avstriya, Germaniya, Kanada va AQSHning taniqli rassomlarini oʻz safida birlashtirgan boʻlib, ularning ijodiy hamkorligini, tasviriy sanʼatda fikr almashinuvini rivojlantirishni maqsad qilgan.
Qozogʻiston davlat sanʼat muzeyida “Tan-Sholpan” fondi tashkil qilgan koʻrgazmada turli mamlakatlardan 40 ga yaqin rassom, jumladan, yurtimiz vakilasi D.Mamedova ijodi namunalari namoyish etildi. Ekspozitsiyadan rangtasvir, haykaltaroshlik hamda amaliy bezak sanʼati yoʻnalishidagi ishlar oʻrin oldi.
Shuningdek, Olmaota shahrida Dilorom Mamedova “Rangtasvir va impressionizm: mahorat sirlari” mavzusida mahorat darsi oʻtdi va ixlosmandlarga oʻz faoliyati, ijodi xususida batafsil soʻzlab berdi.
Oʻzbekistonlik mahoratli rassom ayol ijodiga oid koʻrgazma va mahorat darsi qardosh yurtning sanʼat muxlislarida katta taassurot qoldirdi.