“Milliy tiklanish” ustavidagi qoidalardan bexabarmi?
Xohlaymizmi, yoʻqmi ayni kunlarda siyosiy partiyalar va deputatlar bugungi kunning eng koʻp muhokama qilinayotgan mavzusiga aylanmoqda.
Xohlaymizmi, yoʻqmi ayni kunlarda siyosiy partiyalar va deputatlar bugungi kunning eng koʻp muhokama qilinayotgan mavzusiga aylanmoqda. Ayni jarayonlarga Oʻzbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi oʻzining gʻoyalari hamda fikrlari bilan axborot maydoniga kirib bormoqda va ular qizgʻin muhokamalarga sabab boʻlmoqda. Afsuski besh qoʻl barobar emas...
Jumladan, “Milliy tiklanish” DP dastlab xalqimizga hali islohotlarni qoʻlga olishga tayyor emasliklarini tan olib, “Kuting” deya xitob qilgan boʻlsa, shuncha kutdirdik endi nima bilan hayron qoldiramiz, deb shartta muddatidan oldin shtabining ochilish marosimini “milliy tiklangan” qizlar ishtirokida oʻtkazib yubordi.
Kuni kecha esa “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan Boʻstonliq tuman Kengashi deputatligiga saylangan Kobul Dusov oʻzining milliy qadriyatlarga unchalik xos boʻlmagan xatti-harakatlari bilan koʻpchilikning eʼtiborini tortdi.
Milliy tiklanishchilar jim turib kuzatishni maʼqul koʻrgan ushbu holatga Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasi aʼzosi Akmal Burxonov oʻz munosabatini bildirdi.
“Bugun mamlakatimiz muhim siyosiy jarayonlar oldida turibdi. Jamiyat uchun yangicha fikrlaydigan, samarali va progressiv parlamentni shakllantirish vazifasi dolzarb hisoblanadi. Oʻz navbatida, barcha deputatlarning asosiy vazifasi aholi murojaatlari bilan ishlash, ularning ogʻirini yengil qilish, muammolarini hal qilishga koʻmaklashishdir.
OAV va ijtimoiy tarmoqlarni kuzatib aytish mumkinki, bugungi kunda ayrim deputatlar tomonidan populistik postlar, jamoatchilikning qizgʻin muhokamasiga sabab boʻlayotgan mavzularda spekulyatsiyalarga yoʻl qoʻyilmoqda. Bu esa, oʻz navbatida, fuqarolarning xalq vakillariga boʻlgan hurmati va ishonchi yanada pasayishiga sabab boʻlmoqda. Shuningdek, kasb etikasi qoidalariga rioya qilmay, muloqot madaniyatini chetlab oʻtilishi oqibatida deputatlik maqomiga salbiy taʼsir qiluvchi holatlar ham uchramoqda.
Jumladan, xalq deputatlari Boʻstonliq tuman Kengashi deputati Qobul Dusovning avvalroq umuminsoniy qadriyatlarga qarshi bildirgan fikrlari ijtimoiy rezonans uygʻotgan boʻlsa, kuni kecha Yashnobod tumani aholisi bilan qoʻpol muomalada boʻlib, janjallashayotgani aks etgan videopost ham keng muhokamalarga sabab boʻlmoqda.
Achinarlisi, uning bu harakatlari deputat nomiga umuman mos emasligi, hattoki, u aʼzo boʻlgan “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining ustavida belgilangan maqsad va vazifalariga ham zid ekani siyosiy partiya obroʻsiga putur yetkazadi.
Qonunchilikda siyosiy partiyalarga partiya aʼzoligiga qabul qilish va undan chiqish shartlari va tartibini belgilash vakolati berilgan. Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining ustaviga muvofiq, ustavga rioya etmaganlik uchun, xususan, partiya obroʻsiga putur yetkazuvchi yoki uning dasturiy maqsad va vazifalarini amalga oshirishga toʻsqinlik qiluvchi harakatlar uchun partiya aʼzoligidan chiqarilishi mumkinligi belgilangan. Shuningdek, partiya guruhlari tomonidan partiya manfaatlariga zid keluvchi harakatlarni amalga oshirganligi yoki ularni bila turib inkor etganligi uchun hududiy partiya tashkiloti deputatlarni chaqirib olish va ularning vakolatlarini muddatidan avval toʻxtatish masalasini koʻtarishi mumkin ekanligi partiya ustavida koʻrsatib oʻtilgan.
Eʼtiborlisi, bunday xatti-harakatlar tuman deputatlik guruhlari tomonidan qanday baholanmoqda? Bu masalada bugungi muhim siyosiy jarayonlar arafasida Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi qanday pozitsiyani tutishi barcha saylovchilar uchun muhim hisoblanadi.”
Biz ham MTDPdan quruq gaplar, oʻzini oqlashga, yoki bizni qoralashga boʻlgan behuda urinishlar oʻrniga, chin maʼnoda siyosiy iroda koʻrsatishlarini kutib qolamiz. Ishqilib, “milliy tiklanishchi”lar “kuting” deb xitob qilishganida yuqoridagi kabi nojoʻya xatti-harakatlarni ham nazarda tutishmagan boʻlsin, deymiz.
Oʻzbekiston “Adolat” SDP
Matbuot xizmati