Milliy tibbiyot markazi – o‘zbek tibbiyotining eng so‘nggi yutuqlari jam bo‘lgan maskan
Davlatimiz rahbari 2020 yilning noyabrida Milliy tibbiyot markazining qurilishini kelib ko‘rib, bu yerda qanday imkoniyatlar bo‘lishi lozimligi haqida ko‘rsatmalar bergan edi. 2023 yilning avgust oyida muassasa qurib bitkazilgach, Prezidentimiz yana ushbu muassasada bo‘lib, u yerdagi qulayliklar bilan tanishgan, shifokorlar bilan suhbatlashgan edi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati tomonidan taqdim etilayotgan “Tibbiy rakurs” ruknidagi ko‘rsatuvlarning navbatdagisi tibbiyotimizning eng so‘nggi muvaffaqiyatli loyihalaridan sanalgan Milliy tibbiyot markazi haqida bo‘ldi.
Shifo maskani hududi to‘rt gektardan ortiq bo‘lib, jami bir yarim ming kvadrat metr maydonga ega yettita bino barpo etilgan. Qurilish va jihozlashda xorijning ilg‘or tajribasiga tayanilgan. Binolar arxitekturasida shoshilinch yordam, reanimatsiya, infeksiyali holatlarning barchasi inobatga olingan.
Milliy tibbiyot markazi, boshqa shifoxonalardan farqli ravishda, universal hisoblanadi. Bu yerda jarrohlik, urologiya, transplantologiya, travmatologiya-ortopediya, ginekologiya, kardioxirurgiya, nefrologiya, kardiologiya, endokrinologiya, kardiorevmatologiya, stomatologiya va boshqa bo‘limlar tashkil etilgan. Jami 169 turdagi 1000 dan ziyod ilg‘or tibbiy asbob-uskunalar o‘rnatilgan.
Markaz 500 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, ambulator va statsionar tartibda 200 dan ortiq tibbiy xizmat ko‘rsatiladi. Yiliga uch mingdan ziyod, jumladan, aorta-koronar shuntlash, estetik-plastik xirurgiya, artroplastika, organ va to‘qimalarni ko‘chirib o‘tkazish kabi qator yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarini bajarish quvvati va imkoniyati mavjud. Markazda mamlakatimizning olis hududlaridagi bemorlarga masofadan tashxis qo‘yish, davolash imkoniyati ham yaratilmoqda.
Muassasa faoliyatida Germaniya, Turkiya, Janubiy Koreya kabi davlatlarning yetakchi klinikalari bilan hamkorlik qilinadi. Chet ellik shifokorlar, o‘zimizning xorijda malaka oshirgan mutaxassislarimizdan iborat jamoa – 250 nafar shifokor, 500 nafar o‘rta tibbiyot xodimi faoliyat olib boradi.
– Germaniya, Turkiya va boshqa davlatlarda malaka oshirib kelganman, – deydi Markaz bo‘lim rahbari Jahongir Shodmonov. – U yerda ko‘rgan, o‘rgangan yuqori texnologik operatsiyalarimizni bugungi kunda ushbu markazda bajaryapmiz. Yosh bo‘lishimga qaramasdan ushbu ulkan markazning bo‘limlaridan birini menga topshirishdi. Bu ishonchni, albatta, oqlashga harakat qilaman. Ochilganimizga bir oy bo‘lishiga qaramasdan 30 dan ortiq yuqori texnologik operatsiyalarni bajardik. Bir yil mobaynida mingdan ortiq operatsiya o‘tkazishni rejalashtirganmiz. Hududlarda ham urologiya sohasini rivojlantirishga o‘z hissamizni qo‘shamiz. Dunyodagi zamonaviy, eng so‘ngi, samarali operatsiyalarni zudlik bilan o‘rganib, bu yerda tatbiq qilishni maqsad qilganmiz. Buning uchun markazimizda barcha shart-sharoitlar yetarli. Eng qiyin va eng murakkab operatsiyalarni men va men kabi yoshlarning bajarayotgani quvonarlidir. Bu, o‘z o‘rnida, juda katta mas’uliyatdir.
– Men shu kunga qadar dunyoning ko‘plab rivojlangan davlatlarida bo‘lib, zamonaviy klinikalarda malaka oshirganman. Ulardagi sharoitlarni, texnologiyalarni ko‘rib, xuddi shunday shifoxonalarda ishlashni orzu qilardim, – deydi Markaz travmatologi Javohir Akbarxonov. – Hozir men ishlayotgan bu markaz o‘sha klinikalardan hecham qolishmaydi. Ish boshlaganimizga ko‘p bo‘lmadi. Shu qisqa davrda o‘z yo‘nalishimda o‘nlab yuqori texnologik operatsiyalarni bajardik. Bizning maqsadimiz, nafaqat kasalliklarni davolash, balki kasallikning oldini olishga e’tibor qaratishdir. Buning uchun hududlarga, tumanlarga tushgan holda ishlarni olib boramiz.
Bir necha kun ushbu muassasada ishtixonlik Muhammadali Yodgorovda buyrak transplantatsiyasi o‘tkazildi. Uning gaplari ham yuqoridagi fikrlarimizning isbotidir. U hayotga qaytganidan, bu yerda yaratilgan shart-sharoit va shifokorlarning g‘amxo‘rligidan mamnunligini bildirdi.
– Bu yerning imkoniyatlari, shifokorlarining malakasi zo‘r ekan, yana hayotga qaytganimdan xursand bo‘ldim, – deydi bemor Muhammadali Yodgorov. – Juda qiynalardim. Suv ichganda suv tanaga yoyilib, shishib ketardim. Bu og‘ir azob. Hozir esa, ancha yaxshiman. Shukrki, xorijga borishga hojat qolmadi. Davlatimiz yaratib bergan sharoit sabab, shu yerda davolanyapman. Buning uchun minnatdorlik bildiraman. Yaqin kunlarda farzandli bo‘laman. Uni bag‘rimga bosishni o‘ylab sevinyapman.
Bunday imkoniyatlarga ega markaz mamlakatimizda birinchisi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda faoliyat yuritayotgan ko‘p tarmoqli klinikalar u bilan bog‘lanadi va doimiy hamkorlikda faoliyat ko‘rsatadi. Lo‘nda qilib aytganda, Milliy tibbiyot markazi O‘zbekiston tibbiyotining timsoli, uning rivojlanish tendensiyasini o‘zida aks ettirib turgan zamonaviy maskandir.
Mohigul Qosimova, O‘zA