Milliy terma jamoamiz Iroqqa yengildi
Bir necha daqiqa oldin poytaxtdagi «Bunyodkor» stadionida O‘zbekiston va Iroq milliy terma jamoalari o‘rtasidagi xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvi nihoyasiga yetdi.
Ob-havoning sovub ketishiga qaramay stadionga ko‘plab tashrif buyurgan futbol muxlislari qiziqarli uchrashuvning guvohiga aylanishdi. Bu o‘yin uch kun oldin Namanganda tashkil etilgan milliy terma jamoamizning Ganaga qarshi bahsidan ko‘ra qiziqarliroq va murosasizroq o‘tishi oldindan ma’lum edi. Ganaliklarning ikkinchi tarkibiga qarshi maydonga tushgan futbolchilarimiz qiyinchiliksiz raqiblarini mag‘lub etishgandi. bugungi raqib esa qit’amizning nomdor termalaridan ekanligi ham o‘yinning mazmuni qanday kechishidan darak berardi.
Futbolimizning bugungi kundagi eng sara, kuchli vakillari jam bo‘lgan o‘yinda, raqib kim bo‘lishidan qat’iy nazar, g‘alaba qozonishni istagandik. Va bunga haqli ham edik. Lekin raqib anoyilardan emasligini isbotladi. Maydondagi erkin harakatlari, bizdan ko‘ra ko‘proq xavfli vaziyatlar sodir etganliklari yakunda o‘z aksini topdi. To‘g‘ri, bizda ham vaziyatlar bo‘ldi, Eldorda, Jaloliddinda, Sardorda, lekin zarbalar aniq bo‘lmadi.
Iroqliklar 56-daqiqada, maydonga tushganiga hali bir daqiqa ham bo‘lmagan Sherko Karim Latifning goli evaziga yutuqni «ilib ketishdi».
O‘rtoqlik uchrashuvidagi mag‘lubiyat fojia emas. Lekin futbolchilarimiz muxlislar uchun, buning ustiga o‘z maydonidagi har qanday raqibdan ustunlikka erishishi lozim edi...
O‘ZBEKISTON - IROQ - 0:1
Hakamlar: Nurzatbek Askat Uulu, Sergey Grishchenko, Ismailjan Talipjanov (uchlasi Qirg‘iziston), Ahrol Risqullayev (O‘zbekiston).
Nazoratchi: Bahodir Qo‘chqorov.
Komissar: Aleksandr Davidenko.
Gol: Sherko Karim Latif (56)
O‘zbekiston: Abduvohid Ne’matov, Farruh Sayfeiv (Sanjar Qodirqulov, 71), Islom To‘xtaxo‘jayev, Azim Ahmedov, Ibrohimhalil Yo‘ldoshev, Otabek Shukurov, Odil Hamrobekov, Oston O‘runov (Oybek Bozorov, 61), Sardor Rashidov (Doston Hamdamov, 46), Jaloliddin Masharipov, Eldor Shomurodov.
Iroq: Jalol Hassan, Ahmed Ibrohim, Ali Fayoz, Safaa Xadi, Hussayin Ali (Sherko Karim Latif, 55), Ibrohim Bayesh, Humam Tariq (Ahmad Hamid, 82), Bashar Resan (Alaa Abdul Zahro, 73), Amjed Atvan (Muhammad Qosim, 55), Durgam Ismoil, Alaa Mhavi.
Ogohlantirishlar: Ahmed Xalaf (41), Karim Latif (73), Xumam Tariq (81).
Oybek YUNUSOV, O‘zA