Milliy tabiat bog‘lari tashkil etiladi
Joriy yilning 25-mart kuni “Ovjazsoy – Moviy tog‘lar”, “Piskom”, “Farg‘ona” milliy tabiat bog‘larini tashkil etish va “Pop” milliy tabiat bog‘i hududini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, Toshkent viloyatining Ohangaron tumanidagi Ohangaron davlat o‘rmon xo‘jaligining “Ovjazsoy” uchastkasidagi 9,2 ming gektar yer maydonida “Ovjazsoy – Moviy tog‘lar” milliy tabiat bog‘i,Bo‘stonliq tumanidagi Burchmulla davlat o‘rmon xo‘jaligining 156,7 ming gektar yer maydonida “Piskom” milliy tabiat bog‘i, Farg‘ona viloyati O‘zbekiston va So‘x tumanlaridagi 13,9 ming gektar davlat zaxira yerlari hamda Farg‘ona va Qo‘qon davlat o‘rmon xo‘jaliklarining 8,9 ming gektar yer maydonlari hisobiga umumiy maydoni 22,9 ming gektardan iborat “Farg‘ona” milliy tabiat bog‘i tashkil etiladi.
Namangan viloyati Mingbuloq va Pop adirliklarida 33,6 ming gektar davlat zaxira yerlari hamda Pop ixtisoslashtirilgan davlat o‘rmon xo‘jaligining 91,2 ming gektar yer maydoni hisobiga “Pop” milliy tabiat bog‘i hududi 125,3 ming gektarga kengaytiriladi.
Milliy tabiat bog‘lari tashkil etilishi tabiatni muhofaza qilish, ekologik holatni yaxshilash, turizmni rivojlantirish va yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qiladi.
N.Rahmonova,
O‘zA