Milliy tabiat bog‘ida ko‘klam nafasi esmoqda
Quyoshning iliq tafti Surxondaryo viloyatidagi purviqor tog‘larning quyi qismlarida oppoq qorlarni eritib, asta-sekin tabiatni uyg‘otmoqda. Mudrab yotgan yerlarda ko‘klam nafasi esayotir. Qish uyqusiga ketgan hayvonlar birin-ketin tog‘u-toshlar qo‘ynidan bo‘y ko‘rsatmoqda. Qish chillasi jiddiy sinovlar bilan o‘tgan Hisor tog‘ining Sariosiyo tumanidagi tizmalarida barpo etilgan “Yuqori To‘palang” milliy tabiat bog‘ida ko‘payayotgan yovvoyi hayvonlar nazoratchilar e’tiboriga tushdi.
Bu haqida O‘zAga xabar bergan tabiat bog‘i direktori Nuriddin Sattarovning aytishicha, shu kunlarda bahorning iliq tafti esayotgan “Zinchob” hududida nazoratchilar to‘ng‘izlar to‘dasi o‘tgan yilga nisbatan ko‘payganini ko‘rishgan.

– Jonivorlar qo‘riqlovga olingach, yovvoyi hayvonlar o‘zlarini erkin his etib yashashga odatlandi, – deydi Nuriddin Sattarov. – Endilikda ular baland tog‘ qo‘ynida bemalol harakatlanmoqda. Qishning sovuq kunlari nazoratchilarimiz hayvonlarni mehr bilan oziqlantirayotgani ularning xatarli sovuq kunlardan betalafot chiqishi va ko‘payishida muhim omil bo‘lmoqda. Kunlar isishi bilan jonivorlar galasi baland tepaliklardan pastga tushib, daryo bo‘ylaridan ozuqa izlay boshladi.
Maftunkor o‘simlik va boy hayvonot dunyosiga ega “Yuqori To‘palang” milliy tabiat bog‘i “Uzun” davlat o‘rmon xo‘jaligiga qarashli 27 ming 851 gektar tog‘li maydonda tashkil etilgan.
Yilning barcha fasllarida tabiat shaydolarini o‘z bag‘riga chorlaydigan bog‘ning tog‘ va tog‘oldi hududlarida tog‘ echkisi, to‘ng‘iz, ayiq, bo‘ri, qor qoploni, silovsin, olmaxon, tulki, jayra, quyon, qizil sug‘ur kabi hayvonlar, noyob qushlar, daryolarida qizil forel, marinka baliqlari yashaydi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,
O‘zA muxbiri