Milliy ro‘yxatdan o‘tkazish bepul bo‘ladi
Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi tomonidan davlatimiz rahbarining joriy yil 28 yanvardagi «Intellektual mulk ob’ektlarini muhofaza qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Ushbu qaror intellektual mulkni va uni huquqiy himoya qilishni yanada rivojlantirishga qaratilgan. Mazkur hujjat bilan intellektual mulk ob’ektlarini davlat ro‘yxatiga olish muddatlarini keskin qisqartirish imkoniyatlarini yaratuvchi tezkor ekspertiza tartibi joriy etilgani ham fuqarolarga qulaylik yaratadi.
Intellektual mulk muhofazasini mustahkamlash va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» hamda intellektual mulk sohasini rivojlantirish bo‘yicha 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan amaliy ishlar dasturi tasdiqlangan. Endilikda vazirlik, idora va boshqa tashkilotlar, mahalliy ijroiya hokimiyati organlarining birinchi rahbarlari «Yo‘l xaritasi» va dasturda belgilangan tadbirlarning o‘z vaqtida, sifatli va to‘liq bajarilishini ta’minlaydi.
2025 yil 1 yanvarga qadar milliy eksport qiluvchilarning chet elda tovar kelib chiqqan joy nomlari (geografik ko‘rsatkichlar)ni ro‘yxatga olish bo‘yicha qilinadigan sarf-xarajatlari agentlikning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan to‘liq qoplanadi. Masalan,«Rishton kulolchiligi», «Marg‘ilon adrasi», «Oltiariq uzumi», «Quva anori», «Beshariq», «Samarqand qog‘ozi», «Jizzax somsasi», «Buxoro zardo‘zchiligi», «Shahrisabz», «Muborak,” «Kasbi», «Chiroqchi» kabi joy nomlari jahonda baralla yangraydi. Yurtimizdagi joy nomlari bilan bog‘liq tovar va xizmatlar ommalashadi.
Shuningdek, joriy yil 1 iyunga qadar davlat boshqaruvi organlari va davlat korxonalari, ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim tashkilotlari o‘zlariga tegishli bo‘lgan intellektual mulk ob’ektlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazib, ularni buxgalteriya hisobida aks ettiradi. Eng muhimi, eksport ulushi umumiy tovar aylanmasining 60 foizidan ortig‘ini tashkil etadigan eksport qiluvchi, shuningdek, qishloq xo‘jaligi va hunarmandchilik sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik sub’ektlari uchun tovar belgilarini 2021-2022 yillarda milliy ro‘yxatdan o‘tkazish bepul amalga oshiriladi.
2021 yil 1 oktyabrga qadar agentlik huzurida «Patent platformasi» ishga tushirilishi belgilandi. Mazkur platforma davlat boshqaruvi organlari, davlat korxonalari, ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim tashkilotlari o‘ziga tegishli bo‘lgan intellektual mulk ob’ektlari hisobini to‘g‘ri yuritish, ularga bo‘lgan huquqlarni xo‘jalik muomalasiga kiritish, ilmiy faoliyat natijalarini tijoratlashtirishga ko‘maklashadi.
Mazkur imtiyozlar tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, mamlakatimizda ishlab chiqariladigan mahsulotlar ulushini oshirish hamda milliy brendlar paydo bo‘lishiga hissa qo‘shadi.
Gulnoza BOBOEVA, O‘zA