Milliy qadriyatlar va xalqaro tajriba: san’at rivojida ilmiy hamkorlikning ahamiyati
Bugun poytaxtimizdagi O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasida “Yangi O‘zbekistonda madaniyat va san’at taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlari: ilmiy-amaliy izlanishlar” mavzusida xalqaro ilmiy seminar bo‘lib o‘tdi. E’tiborlisi, ushbu anjuman madaniyat va san’at sohasidagi dolzarb masalalarni muhokama qilish, ilmiy hamkorlikni mustahkamlash hamda xalqaro tajriba almashish uchun muhim maydon bo‘ldi.
Dastlab, mazkur yig‘inni O‘zDXA akademiyasi rektori, professor Shuhrat To‘xtasimov kirish so‘zi bilan ochib, diyorimizda madaniyat va san’at sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, xoreografiya san’atini rivojlantirish, milliy merosni asrab-avaylash va uni zamonaviy talqinda namoyon etish borasidagi ustuvor vazifalarga alohida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, u xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirishning dolzarb ahamiyati xususida so‘z yuritdi.
Hindistondagi Javoharla’l Neru universiteti Fors va Markaziy Osiyo tadqiqotlari markazi rahbari, professor Ahmad Axloq Ahan “Zahiriddin Muhammad Bobur – ulug‘ mutafakkir, buyuk san’atshunos” nomli ma’ruzasida Boburning nafaqat davlat arbobi va shoir, balki nozik didli san’atshunos sifatidagi qirralarini ilmiy asosda yoritib berdi. U Boburning adabiy va madaniy merosi Sharq va G‘arb tamaddunini bog‘lovchi muhim ko‘prik ekanini ta’kidladi.
Seminarda onlayn tarzda ishtirok etgan Turkiyaning Neyde universiteti professori Mustafo Qo‘rqmas “Turk va o‘zbek raqs san’atining tarixiy ildizlari” mavzusidagi ma’ruzasida ikki xalq raqs an’analarining mushtarak jihatlari, ularning qadimiy manbalari va zamonaviy rivojlanish tendensiyalarini qiyosiy tahlil qildi.
Misrning Aleksandriya universiteti professori Manara Eldiyep “Misr – O‘zbekiston ilmiy-madaniy hamkorligi” mavzusida so‘z yuritib, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi madaniy aloqalarning tarixiy ildizlari va bugungi kundagi istiqbolli yo‘nalishlar haqida fikr bildirdi. U shuningdek, kelgusida qo‘shma loyihalarni birgalikda amalga oshirish muhimligini qayd etdi.
O‘zbekiston xalq artisti Gavhar Matyoqubova “Avesto” “goh”lari va “lazgi” raqs turkumining hamohangligi haqida yig‘ilganlarga atroflicha ma’lumot berib, milliy raqs san’atining ildizlari qadimiy ma’naviy manbalarga borib taqalishini tilga oldi. Raqs va musiqaning uyg‘unligi orqali xalqning ruhiy olami ifoda etilishini misollar bilan ko‘rsatdi.
Ayniqsa, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti dotsenti Aziz Rajabiyning Yunus Rajabiy ijodining milliy musiqa san’atidagi o‘rni va ahamiyati xususidagi tahlili ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
– Bugungi globallashuv davrida milliy madaniyatni asrab qolish bilan birga, uni xalqaro miqyosda targ‘ib etish nihoyatda muhim, -dedi filologiya fanlari doktori, professor Hulkar Hamroyeva O‘zA muxbiriga bergan intervyusida. – Mazkur seminar shu jihatdan katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Bunday tadbirlar avvalo, ilm-fan va san’at o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni mustahkamlaydi. Qolaversa, seminarda juda o‘rinli va dolzarb mavzular ko‘tarildi. Zero, milliy raqs, musiqa va adabiy merosni ilmiy jihatdan o‘rganish, ularni zamonaviy yondashuvlar asosida talqin qilish bugungi kunning talabidir. Ilmiy va madaniy hamkorlikni rivojlantirish orqali biz o‘z madaniyatimizni dunyoga tanitamiz, shu bilan birga, boshqa xalqlarning ilg‘or tajribasini o‘rganamiz. Bugungi seminar ana shu muloqot va tajriba almashinuvi uchun samarali platforma bo‘ldi, deb o‘ylayman.
Shuningdek, anjumanda Andijon davlat pedagogika instituti hamda Qozog‘istonning Jumabek Tashenov nomidagi universiteti vakillari ham onlayn tarzda ishtirok etib, o‘z ma’ruzalari va fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.
Mazkur xalqaro ilmiy seminar davomida bildirilgan fikr va takliflar madaniyat va san’at sohasidagi ilmiy-amaliy izlanishlarni yanada rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash hamda milliy merosni asrab-avaylashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
O‘.Alimov, O‘zA