Milliy qadriyatlar targ‘ibotchisi, jo‘mard adibaning yangi kitobi
Istiqlol yillarida milliy an’ana va qadriyatlarimizni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash, bebaho ma’naviy merosimizning mazmun-mohiyatini yosh avlodga bezavol yetkazish hamda bu borada ilmiy-ma’rifiy tadqiqotlar olib borish masalalariga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.
Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida «Sharq» nashriyotida taniqli yozuvchi, filologiya fanlari doktori Guljahon Mardonovaning «Ko‘kka uchgan tulporlar» romani nashr etildi.
Ushbu asar muallifning ko‘p yillik ijodiy va ilmiy izlanishlari mahsuli bo‘lib, unda Qashqadaryo viloyatining olis qishloqlari aholisi turmush tarzi, xalqimizning qadimiy an’analariga sodiq jo‘mard chavandozlar hayoti, ularning milliy ozodlik yo‘lidagi jasorati va adolatsizlikka qarshi kurashi badiiy mahorat bilan tasvirlangan. Asar adabiyot ixlosmandlari va keng kitobxonlar ommasiga mo‘ljallangan. Kitobga ustoz ijodkor va noshir, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Ahror Ahmedov muharrirlik qilgan.
Guljahon Mardonova – o‘zbek adabiyoti, jurnalistikasi va folklorshunosligida munosib o‘rin egallagan iste’dodli adiba, olima va jurnalistdir. U Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi Badaxshon qishlog‘ida tug‘ilib, voyaga yetgan. Ijodkor o‘zining ilmiy va badiiy faoliyati orqali xalq og‘zaki ijodi durdonalarini o‘rganish, milliy qadriyatlarni asrash va rivojlantirishga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
Adibaning ijodiy faoliyati serqirra bo‘lib, u nasr, folklorshunoslik, etnopedagogika va publitsistika sohalarida samarali mehnat qilmoqda. Uning «Nur to‘la uy» kitobi Yevropa va Rossiyaning qator nufuzli kutubxonalari fondlaridan munosib o‘rin olgan. Yaqinda esa u o‘zining yangi «Ko‘kka uchgan tulporlar» romanini kitobxonlar e’tiboriga havola qildi.

Guljahon opa nainki iste’dodli yozuvchi, balki mukammal ilmiy izlanishlar olib borayotgan tadqiqotchi olima hamdir. U o‘zbek xalq allalari va jahon xalqlari onalari kuylaydigan allalarni qiyosiy o‘rganib, ularning ijtimoiy-psixologik xususiyatlari hamda tarbiyaviy ahamiyatini ilmiy asoslab bergan. Adiba to‘plagan va tadqiq etgan folklor namunalari O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Hodi Zarifov nomidagi Folklor arxiviga qimmatli manba sifatida topshirilgan.
Muallif hali 1980-yillar oxiridayoq «Alpomishni bilgan bormi!» publitsistik maqolasi orqali yosh avlod tarbiyasida milliy qahramonlik eposlari va xalq ertaklarining o‘rni beqiyos ekanini dadil ilgari surgan. Uning asarlari negizida milliy o‘zlikni anglash, o‘zbekona turmush tarzi va xalqona falsafani asrab-avaylash g‘oyasi mujassam.
Guljahon Mardonova badiiy asarlarida o‘zbek ayoli va onasi siymosini yuksak mahorat bilan tasvirlash barobarida, ota obrazini ham mehr-muhabbat va hurmat bilan yaratadi. Uning talqinida ota – oilaning tayanchi, farzandlarga hayot sabog‘ini beruvchi, dono, sabrli va kamtar inson timsoli. Yozuvchi ota va ona obrazlarini qarama-qarshi qo‘ymay, balki milliy oilaviy qadriyatlarga xos uyg‘unlikda gavdalantiradi.

Ijodkor faqat qalami bilan emas, amaliy ishlari bilan ham milliy ma’rifat rivojiga hissa qo‘shmoqda. U o‘z mablag‘lari hisobidan chekka qishloqlardagi iqtidorli yoshlar va fidoyi ustozlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida maxsus mukofotlar ta’sis etgan. Bu esa uning el-yurt ravnaqiga sadoqat bilan xizmat qilayotgan ma’rifatparvar inson ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.
Guljahon Mardonovaning ijodi ilmiy teranlik va badiiy mahorat uyg‘unligining yorqin namunasidir. U o‘zbek adabiyotida milliy ruh, xalq og‘zaki ijodi an’analari va zamonaviy badiiy tafakkurni muvaffaqiyatli uyg‘unlashtirgan betakror ijodkorlardan biri sifatida e’tirof etiladi.
N.Usmonova, O‘zA