Milliy o‘zlik va ma’naviy meros ifodasi
Ona tili millatning ma’naviy qiyofasi, milliy o‘zligi va asrlar davomida shakllangan qadriyatlarini o‘zida mujassam etgan bebaho boylik. Uni asrab-avaylash, rivojlantirish va kelgusi avlodlarga yetkazish har bir fuqaroning burchidir.
Davlat tilining jamiyat hayotidagi o‘rnini mustahkamlash, uning nufuzini yuksaltirish hamda kundalik faoliyatda to‘g‘ri qo‘llanilishini ta’minlash shu jihatdan muhim ahamiyat kasb etadi.
Ayni shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasida 21-oktabr - O‘zbek tili bayrami kuniga bag‘ishlangan “Ona tilim - jonu dilim” mavzusida madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbirda Qo‘mita raisi o‘rinbosari Sardorbek Yoqubbekov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, texnika fanlari doktori, professor Boriy Alixonov va boshqalar so‘zga chiqib, ona tilining milliy o‘zlikni anglashdagi o‘rni, davlat tilining huquqiy maqomini mustahkamlash, uning nufuzini oshirish va rasmiy ish yuritishdagi qo‘llanilishini kengaytirish masalalariga to‘xtaldi.
Aytish joizki, ona tili millatning tarixi, madaniyati va ma’naviy qadriyatlarini avloddan avlodga yetkazuvchi muhim vosita. U xalqning milliy o‘zligi, dunyoqarashi va tafakkurini namoyon etadi. Shu bois ona tilini asrab-avaylash, uning boy imkoniyatlaridan samarali foydalanish, adabiy til me’yorlariga rioya qilish va yosh avlodda tilga hurmat tuyg‘usini shakllantirish muhim ahamiyatga ega.
Qo‘mita raisining ma’naviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi Anvar Yashnarbekov ta’kidlaganidek, ona tilimiz milliy o‘zligimiz va ma’naviy qadriyatlarimizning muhim ifodasidir.
–Shu bois davlat tilining nufuzini oshirish, uning sofligini saqlash, adabiy til me’yorlariga rioya qilish va o‘zbek tilidan rasmiy ish yuritishda to‘g‘ri foydalanishga alohida e’tibor qaratish lozim. Qo‘mitamizda ham davlat tili to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga amal qilish, hujjatlarni davlat tilida savodli rasmiylashtirish, xodimlarning yozma va og‘zaki nutq madaniyatini yuksaltirish borasida tegishli ishlar olib borilmoqda. Bu kabi ma’rifiy tadbirlar, jumladan, umummilliy diktant tashkil etilishi xodimlarning savodxonligini oshirish, imlo qoidalarini mustahkamlash va ona tilimizga bo‘lgan hurmatni yanada kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi, – dedi u.
Tadbir doirasida davlat tilining huquqiy asoslari, qonunchilik talablariga rioya etish, shuningdek, o‘zbek tilidan davlat boshqaruvi va rasmiy ish yuritish jarayonlarida foydalanishni takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi.
Shuningdek, professor Boriy Alixonovning “Global o‘zgarishlar jarayonida O‘zbekistonda ekologik, energetik va sanoat xavfsizligini ta’minlash” nomli kitobi taqdimoti o‘tkazildi. Unda asarning mazmun-mohiyati, ko‘tarilgan masalalar hamda ekologik, energetik va sanoat xavfsizligini ta’minlashning dolzarb jihatlari haqida fikr almashildi.
Dastur doirasida qo‘mita xodimlari o‘rtasida “Umummilliy diktant” loyihasi ham o‘tkazildi. Mazkur tashabbus xodimlarning savodxonligini oshirish, imlo qoidalariga rioya etish va yozma nutq madaniyatini rivojlantirishga qaratildi.
Tadbir yakunida davlat tilini rivojlantirish, uni kundalik faoliyat va rasmiy ish yuritishda to‘g‘ri qo‘llash, o‘zbek tilining jamiyatdagi nufuzini yanada mustahkamlash har bir xodimning muhim vazifasi ekani qayd etildi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA