Milliy meros va taraqqiyotning mustahkam poydevori
Azaldan Buxoro nafaqat ilm-fan va madaniyat markazi, balki betakror hunarmandchilik an’analari bilan ham dunyoga mashhur bo‘lgan muqaddas zamindir. Zargarlik, zardo‘zlik, kulolchilik, naqqoshlik, gilamdo‘zlik kabi noyob hunar turlari asrlar davomida xalqimizning ma’naviy boyligi va milliy o‘zligini namoyon etib kelmoqda. Bugun Yangi O‘zbekistonda ana shu boy merosni asrab-avaylash, hunarmandlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, sohani zamonaviy iqtisodiyotning muhim tarmog‘iga aylantirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan.
Ayniqsa, mamlakatimiz Prezidenti tashabbusi bilan hunarmandchilikni rivojlantirish, sohada bandlikni ta’minlash, oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, milliy qadriyatlarni asrash va hunarmand mahsulotlarini xalqaro bozorlarga olib chiqish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Hunarmandlarga soliq va bojxona imtiyozlari berish, yengil kreditlar ajratish, eksportni rag‘batlantirish hamda raqamli savdo imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ana shu ezgu maqsadlar ijrosini ta’minlash masalalari “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Buxoro viloyati Kengashi deputatlik guruhining navbatdagi yig‘ilishida atroflicha muhokama qilindi.

Yig‘ilishda viloyat Kengashi deputatlari, Hunarmand uyushmasi viloyat boshqarmasi mas’ullari hamda tegishli tashkilotlar va idoralar vakillari ishtirok etishdi. Unda Buxoro viloyatida hunarmandchilikni rivojlantirishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar ijrosining 2026-yil birinchi yarim yilligidagi holati tahlil qilinib, sohada erishilgan natijalar bilan bir qatorda mavjud muammolar ham muhokama markazida bo‘ldi.
Muhokamalar davomida hunarmandlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida imtiyozli kreditlar ajratish rejalarini to‘liq bajarishda tijorat banklari mas’uliyatini oshirish, har bir mahallada kamida bittadan hunarmandchilik loyihasini amalga oshirish, yoshlar va xotin-qizlarni milliy hunarlarga keng jalb etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, hunarmandlarni eksport faoliyatiga faol jalb qilish, tashqi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish, logistika xizmatlarini rivojlantirish hamda elektron tijorat va raqamli savdo platformalaridan samarali foydalanish bo‘yicha o‘quv-seminarlar tashkil etish ustuvor vazifalar sifatida belgilandi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda hunarmandchilik faqat milliy merosni saqlash vositasi emas, balki aholi bandligini ta’minlash, oilalar daromadini oshirish, turizm salohiyatini yuksaltirish va mamlakat eksport hajmini ko‘paytirishga xizmat qilayotgan muhim iqtisodiy yo‘nalishga aylanmoqda.

Yig‘ilish yakunida bildirilgan taklif va tavsiyalarni amaliyotga tatbiq etish, mas’ul tashkilotlar faoliyatini yanada muvofiqlashtirish hamda mazkur masalani Xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashi sessiyasi kun tartibiga kiritish bo‘yicha tegishli qaror qabul qilindi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri