Milliy mass-media taraqqiyot yo‘lida
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasida 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unga mass-media sohasining barcha yo‘nalishlarida mehnat qilayotgan jurnalistlar, blogerlar taklif etildi.
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O‘sarov, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bosh direktori Asadjon Xo‘jayev va boshqalar jurnalistlarga bugungi e’tibor misli ko‘rilmagan miqyosda ekanini ta’kidladi. Darhaqiqat, davlatimiz rahbarining soha xodimlariga tabrigida ta’kidlanganidek, milliy jurnalistika rivoji uchun keng qamrovli imkoniyatlar yaratilib berilmoqda.
Prezidentimizning tabrigida ta’kidlanganidek, bugungi kunda barcha darajadagi boshqaruv idoralari rahbarlarining ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalistlar bilan muntazam uchrashib, jamiyat hayotiga daxldor muhim masalalarni erkin muloqot asosida keng muhokama etishi yaxshi an’anaga aylanib bormoqda. Bunday yondashuv O‘zbekistonda olib borilayotgan ochiqlik, oshkoralik va demokratik siyosatning eng muhim yo‘nalishlaridan biridir.
Milliy matbuotimiz jamiyat hayotidagi dolzarb masalalarni dadil olib chiqmoqda. So‘z erkinligi, matbuot erkinligini ta’minlash, fuqarolarning axborot huquqlarini ta’minlash masalalariga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasining "Ishonch"–"Doveriye" gazetalari ko‘p nusxada bosilayotgan va samarali faoliyat ko‘rsatayotgan nashrlardan biri sanaladi.
Tantanali tadbirda ustoz jurnalistlar, bosma va elektron ommaviy axborot vositalari ijodkorlari, texnik xodimlari, muharrirlar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Nazokat Usmonova, O‘zA