Millatlararo totuvlik siyosati yuksak samara bermoqda
30-iyul — Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan Guliston shahrida o‘tkazilgan madaniy-ma’rifiy tadbir turli millat va elat vakillarini yagona sahna atrofida jamladi. Milliy kuy-qo‘shiqlar, raqslar va folklor chiqishlari orqali bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik va hamjihatlik g‘oyalari yana bir bor yuksak ruhda tarannum etildi.
Sirdaryo viloyati hokimligi, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi Sirdaryo viloyati hududiy bo‘limi, O‘zbekiston fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi Sirdaryo viloyati hududiy bo‘limi hamda milliy madaniy markazlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda turli millat va elat vakillari, davlat va jamoat tashkilotlari faollari, nuroniylar, yoshlar hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Bugungi kunda mamlakatimizda 130 dan ortiq, Sirdaryo viloyatida esa 70 dan ziyod millat va elat vakillari ahillik va hamjihatlik muhitida yashab, Vatan taraqqiyoti yo‘lida yelkama-yelka mehnat qilmoqda. Millatlararo totuvlikni mustahkamlash, milliy madaniy markazlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, har bir millatning tili, madaniyati va an’analarini asrab-avaylashga qaratilgan izchil davlat siyosati bugun o‘zining amaliy samarasini bermoqda.
Prezident tashabbusi bilan 2021-yildan buyon 30-iyul mamlakatimizda Xalqlar do‘stligi kuni sifatida keng nishonlanib kelinmoqda. Shu munosabat bilan o‘tkazilayotgan Do‘stlik haftaligi doirasida milliy madaniy markazlar ishtirokida festivallar, milliy liboslar va milliy taomlar ko‘rgazmalari, ijodiy uchrashuvlar, konsert dasturlari hamda ma’rifiy tadbirlar tashkil etilmoqda.
Gulistondagi bayram ham ana shu ezgu an’ananing munosib davomi bo‘ldi. Bayramona bezatilgan sahnada Yangiyer shahar madaniyat bo‘limi qoshidagi «Yulduzcha» raqs ansamblining «Kalinka» raqsi, «Jan-Janay» qirg‘iz folklor ansambli, «Sayxun yigitlari» va «Oltin meros» folklor jamoalari, «Gunesh» turk estrada ansambli, «Yoshlik» ashula va raqs ansambli, «Nihol» bolalar raqs ansambli, askiyachilar hamda boshqa ijodiy jamoalarning chiqishlari yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
Shuningdek, Sabohat Turkmanova ijrosidagi «Mavrigi», Ataxon Mujerramov kuylagan ozarbayjon xalq qo‘shig‘i, xonanda Dilmurod Saidbekovning «Sanam» qo‘shig‘i hamda Guliston shahridagi 2-son Bolalar musiqa va san’at maktabi raqs jamoasining chiqishlari konsert dasturiga alohida fayz bag‘ishladi.
[gallery-30648]
Tadbirda ishtirok etgan Qonunchilik palatasi deputati, Qirg‘iz milliy madaniy markazi Sirdaryo viloyati bo‘limi raisi Nodira Jonibekova mamlakatimizda amalga oshirilayotgan millatlararo totuvlik va yaxshi qo‘shnichilik siyosati barcha millat va elat vakillarini ezgu maqsadlar atrofida birlashtirayotganini ta’kidladi.
— Bugun O‘zbekistonda 130 dan ortiq millat va elat vakillari bir oiladek ahil yashamoqda. Sirdaryoda ham turli millat vakillari quvonchli kunlarni birga nishonlaydi, og‘ir damlarda esa bir-birini qo‘llab-quvvatlaydi. Prezidentimiz rahbarligida olib borilayotgan millatlararo totuvlik va yaxshi qo‘shnichilik siyosati nafaqat mamlakatimiz ichida, balki tashqi munosabatlarda ham yuksak samara bermoqda.
Yaqinda davlatimiz rahbarining Qozog‘iston va Qirg‘izistonga amalga oshirgan davlat tashriflari, xususan, Qirg‘iziston bilan Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi, Davlatlararo kengashni tuzish bo‘yicha kelishuv hamda savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan yangi loyihalar xalqlarimiz o‘rtasidagi ishonch va do‘stlik tobora mustahkamlanayotganining amaliy ifodasidir.
Eng muhimi, bugungi bayram barchamizni yagona maqsad — yurtimiz tinchligi va taraqqiyoti yo‘lida yanada jipslashtirmoqda. Shu munosabat bilan mamlakatimizda istiqomat qilayotgan barcha millat va elat vakillarini Xalqlar do‘stligi kuni bilan chin qalbimdan muborakbod etaman. Yurtimizda tinchlik, ahillik va millatlararo totuvlik abadiy barqaror bo‘lsin, — dedi Nodira Jonibekova.
Ozarbayjon milliy madaniy markazi Sirdaryo viloyati bo‘limi raisi Aziz og‘a Bayramov mamlakatimizda turli millat vakillari uchun yaratilgan imkoniyatlarni yuksak baholadi.
— Bugun Sirdaryo viloyatida qariyb uch ming nafar ozarbayjon millati vakili tinch va farovon hayot kechirmoqda. Milliy tilimiz, madaniyatimiz va urf-odatlarimizni asrab-avaylash, erkin rivojlantirish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Buning uchun ko‘p millatli O‘zbekiston xalqiga va mamlakatimiz rahbariga samimiy minnatdorchilik bildiramiz. Ana shunday bayramlar xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro hurmat, bag‘rikenglik va hamjihatlikni yanada mustahkamlaydi, — dedi Aziz og‘a Bayramov.
Tadbir davomida bir sahnada turli millatlarning kuy-qo‘shiqlari, milliy raqslari va madaniy an’analari namoyish etildi. Bu nafaqat san’at bayrami, balki Yangi O‘zbekistonda qaror topgan bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik siyosatining yorqin ifodasi sifatida ishtirokchilarda chuqur taassurot qoldirdi.
Xalqlar do‘stligi kuniga bag‘ishlangan ushbu bayram yana bir bor shuni tasdiqladiki, millatlar xilma-xilligi, mamlakatimizning bebaho boyligi, ahillik va hamjihatlik esa Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining mustahkam tayanchidir. San’at tilida tarannum etilgan ezgu g‘oyalar ishtirokchilar qalbida Vatanga muhabbat, inson qadri va o‘zaro hurmat tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat) O‘zA