Millatlararo totuvlik eng katta boylik
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali “Veterinariya va zooinjeneriya” fakulteti tashabbusi bilan “O‘zbekiston – millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik yurti” mavzusida tadbir o‘tkazildi.
Xalqaro bag‘rikenglik kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda filial direktori Adilbay Yesimbetov va boshqalar so‘zga chiqib, butun dunyoda belgilanishi an’anaga aylangan ushbu sananing muhim ahamiyati, diniy bag‘rikenglik xalqimizga azaldan xos bo‘lgan ezgu fazilat ekanligi, talaba-yoshlar yurtimizda turli millat vakillarining hamjihatlikda turmush kechirayotganligi va millatlararo totuvlik ahil va inoq bo‘lib yashashimiz uchun zamin yaratib berishini qalban anglab yetishi lozimligi haqida alohida to‘xtaldi.

Tadbir davomida talaba-yoshlar o‘zbek, qoraqalpoq, qozoq, turkman, rus va koreys singari turli millat vakillarining urf-odatlarini aks ettirgan holda liboslar ko‘rgazmasini tashkil etdi. Ushbu 6 millatning o‘ziga xos an’analari va milliy urf-odati to‘g‘risida qiziqarli ma’lumotlar berildi.
Tadbir uchun tayyorlangan konsert dasturida esa har bir millatning milliy kuy va qo‘shiqlari, raqslari namoyish etildi. Go‘zal qizlarning sahnada turli millat vakillarining milliy liboslarida ko‘rinish berishi, har bir tomoshabinga o‘zgacha zavq bag‘ishladi va chin ma’noda xalqaro bag‘rikenglik muhiti yaratildi.
Albatta, bunday tadbirlarni tashkil etish orqali talaba-yoshlarning milliy va umuminsoniy qadriyatlarga bo‘lgan hurmatini yanada oshirish, yurtimizda yashab kelayotgan turli elat vakillari hamjihatligini keng targ‘ib qilishdek ezgu maqsad ko‘zlangan.

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA muxbiri