Millatlararo totuvlik – bebaho boyligimiz
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo minosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston milliy universitetining amaliy etnologiya laboratoriyasi bilan hamkorlikda “Millatlararo munosabatlar sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasini amalga oshirishning ilmiy-nazariy asoslari” mavzusida ilmiy seminar tashkil etildi.
Seminarning maqsadi Millatlararo munosabatlar sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasini samarali amalga oshirish uchun sohadagi ilmiy-nazariy va amaliy bilimlar uyg‘unligini ta’minlashdan iboratdir.
Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Azamat Toshev yangi O‘zbekistonning yangi tarixini yaratish davrida millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni ta’minlashning huquqiy va ilmiy asoslari yaratilganligiga e’tiborni qaratdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan ekspertlar tomonidan “Millatlararo munosabatlar bo‘yicha davlat dasturlari doirasida bajarilayotgan ilmiy loyihalar tahlili”, “Millatlararo ijtimoiy hamkorlik munosabatlarida til siyosatining ilmiy asoslari”, “Millatlararo totuvlik – shaxslararo hamjihatlik va insoniylikni ta’minlash vositasi”, “O‘zbekistonda millatlararo totuvlikni ta’minlashning huquqiy, madaniy va diniy asoslari”, “O‘zbekistonda millatlararo munosabatlar jamoatchilik fikri ko‘zgusida” kabi mavzularda ma’ruzalar o‘qilib, ishtirokchilar tomonidan taklif hamda mulohazalar bildirildi.
Seminar respublikamizda yashovchi millat va elatlarning tarixiy merosini, milliy madaniy qadriyatlariga izzat-hurmat muhitini saqlash, millatlararo totuvlikni yanada mustahkamlash, shuningdek, yoshlarni vatanparvarlik va ona Vatanga mehr-muhabbat, ko‘p millatli O‘zbekiston xalqining tarixiy o‘tmishi va an’analariga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.
N.Usmonova, O‘zA