Millat onalari Vatan kelajagiga befarq bo‘lmaydi
Dunyoning buyuk mo‘jizasi bo‘lmish ayol zoti yuksak ehtiromga loyiqdir, unga hurmat ko‘rsatish xalqimizga xos bo‘lgan olijanob fazilatdir.
Shukrki, yurtimizda xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va mavqeini mustahkamlash, ularga imkoniyatlar yaratish borasida salmoqli ishlar qilinmoqda.
Prezidentimizning Xalqaro xotin-qizlar bayrami tabrigidagi: “Yangi O‘zbekistonda butun xalqimiz qatori, xotin-qizlarimiz uchun ham munosib sharoit yaratib berish – eng muhim vazifamiz bo‘lib qoladi” deya e’tirof etganlari, kelgusida amalga oshiriladigan ezgu ishlarimiz uchun har birimizga mas’uliyat yuklaydi.
Ma’naviyat sohasida faoliyat yuritib kelayotganim bois, davlatimiz rahbarining bayram tabrigidagi murojaatida, “Biz ma’naviy tarbiya ishlarini endi mutlaqo yangicha usulda olib borishimiz, «Ezgulik – shiorimiz, ma’rifat – qurolimiz» degan g‘oya asosida bu jarayonni, avvalo, oiladan, mahalladan boshlashimiz lozim. Zotan, hadisi sharifda aytilganidek «Ota-ona o‘z farzandiga yaxshi tarbiyadan boshqa meros qoldirolmaydi» degan so‘zlari qalbimga o‘zgacha kuch berdi.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi va bir qator tashkilotlar bilan hamkorligida mamlakatimizning barcha hududlarida «Ezgulik – shiorimiz, ma’rifat – qurolimiz» shiori ostida xotin-qizlar o‘rtasida targ‘ibot tadbirlari bo‘lib o‘tdi. “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zolaridan iborat ijodiy guruh eng chekka va chegara hududlar, mahalla va ovullarda xalqimiz bilan dildan suhbatlashdilar. El ardog‘idagi san’atkor va ijodkorlar, taniqli adib va shoirlar targ‘ibot tadbirlari doirasida xonadonlarga ham tashrif buyurishib, sovg‘alar ulashdilar.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan “Ma’naviyat fidoyisi” ko‘krak nishoniga tavsiya etilgan nomzodlar komissiya tomonidan o‘rganilib chiqildi hamda har bir hududdan eng munosib topilgan xotin-qizlardan 28 nafari saralab olindi.
Targ‘ibot tadbirlari doirasida “Ma’naviyat fidoyisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan xotin-qizlarga ko‘krak nishoni va qimmatbaho sovg‘alar taqdim etilishi ishtirokchilarga o‘zgacha kayfiyat bag‘ishladi.
Toshkent viloyatidan “Ma’naviyat fidoyisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan Buxajal Samatova hamda Gulchehra Diniqulova xonadonida bo‘lar ekanmiz, bu ikki ayolning matonati, fidoyiligi va sadoqati har birimiz uchun ibrat maktabi ekanligiga yana bir bor amin bo‘ldik.
Bo‘ka tumanidagi Qo‘rg‘on mahallasida istiqomat qilib kelayotgan Buxajal Samatovani tom ma’noda sabr va qanoat bekasi deb aytishimiz mumkin. 3 nafar farzandning onasi bo‘lgan bu jafokash ayolning o‘g‘li Inomjon Ibragimov Vatanimiz sarhadlarini qo‘riqlash chog‘ida mardlarcha halok bo‘lgan. Vafotidan so‘ng o‘g‘liga «Jasorat» medali topshirilgan. Farzandini yo‘qotgan ona iztirobi, alamli ko‘zyoshlar, har kuni qalbini kemirayotgan sog‘inch... Lekin bir umid bor, u ham bo‘lsa farzandining Vatanimizning tinchligi va osoyishtaligi uchun jon fido qilganidir. Bu ona qalbiga yupanch bo‘ladi.
Yana bir “Ma’naviyat fidoyisi” ko‘krak-nishoni sohibasi Bo‘ka tumani Yangiqo‘rg‘on mahallasida yashovchi Gulchehra Diniqulovadir. Ustoz, elning farzandlariga ilm-u urfon tarqatayotgan ona. Uning ham qalbida kemtiklik bor. Farzandi Izzatjon Turg‘unov 2-guruh nogironi. Lekin taqdir Izzatjonni o‘zgacha siyladi: u mohir sportchi. Izzatjon yashash uchun kurashdi. Ma’rifatparvar onasining yonida bo‘lishi, ertangi kunga bo‘lgan ishonchini oshirdi. Yorqin kelajakka intilish, tinimsiz harakatlari bilan baxtga peshvoz chiqishi kerakligini ta’kidlagan onaning orzulari o‘g‘lining muvaffaqiyatlariga ochilgan eshik bo‘ldi.
Izzat O‘zbekiston paralimpiya terma jamoasi a’zosi, 2018-yilda Xitoyda o‘tkazilgan Gran-pri o‘yinlari, «Tokio –2020» olimpiadasi g‘olibi, shu yili Indoneziyada Osiyo chempionatida muvaffaqiyatli ishtirokchi va boshqa qator turnirlar sovrindori.
Ikkala ayol bilan suhbatlashib qaytar ekanmiz, har qanday buyuk inson ortida buyuk ayol turishiga yana bir bor amin bo‘ldik.
Darhaqiqat, ona buyuk zot. Jamiyatimizda yaxshi onalar qanchalik ko‘p bo‘lsa, el koriga yaraydigan mard va jasur, vatanparvar farzandlar soni ortaveradi.
Pardaxol NORQOBILOVA,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bosh mutaxassisi.
O‘zA