Millat genofondini zararli illatlardan asrash dolzarb vazifa
Giyohvandlik inson salomatligi va kelajagi, ruhiy holati, oilaviy munosabatlari va ijtimoiy hayotiga jiddiy zarar yetkazadigan illatdir. Narkojinoyatchilik esa giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va ular bilan bog‘liq qonunga xilof harakatlardan iborat jinoyat bo‘lib, jamiyat xavfsizligiga tahdid soladi. Shu bois, bu illatlarga qarshi muntazam ravishda kurash olib boriladi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan "Aholi salomatligini va millat genofondini giyohvandlik hamda narkojinoyatlardan samarali himoya qilish" mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbir davomida Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan ishtirokchilarga giyohvandlikning salbiy oqibatlari, uning jamiyat va inson salomatligiga ta’siri, shuningdek, mazkur turdagi jinoyatlar uchun qonunchilikda belgilangan javobgarlik choralari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Qayd etilganidek, narkojinoyatchilik oddiy shaxsiy muammo emas. U ko‘pincha uyushgan jinoiy guruhlar, noqonuniy moliyaviy oqimlar, korrupsiya va boshqa jinoyatlar bilan bog‘lanadi. Shu sababli narkotiklarni tarqatishga qarshi kurashda nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar, balki ta’lim muassasalari, ota-onalar, mahalla va butun jamoatchilikning ishtiroki muhim hisoblanadi.
Giyohvandlik va narkojinoyatlarning oldini olish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Bunda, ayniqsa, yoshlarga giyohvand moddalarning zarari haqida keng ma’lumot berish, oilada sog‘lom psixologik muhit yaratish, bo‘sh vaqtni sport va foydali mashg‘ulotlar bilan mazmunli o‘tkazish muhim. Narkotiklarni tarqatish yoki sotish bilan bog‘liq holatlar haqida tegishli organlarga o‘z vaqtida xabar berish bu boradagi jinoyatlarning oldini olishda muhim hisoblanadi.

Deputatlar yaqinda “Narkotiklar va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilinganini qayd etib, uning mazmuni haqida to‘xtalib o‘tdi. Jumladan, ushbu hujjat narkotiklar va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar muomalasini samarali tartibga solish, giyohvandlik va narkojinoyatlarning oldini olish, aholi salomatligini muhofaza qilish hamda sohada davlat organlarining o‘zaro hamkorligini yanada kuchaytirishga qaratilgani ta’kidlandi.
M.Komilova,
O‘zA