Milana Maslenkova Germaniyada chempion bo‘lmoqchi
Germaniyada Xalqaro tennis federatsiyasi tomonidan ayollar o‘rtasida o‘tkazilayotgan W15 tasnifiga kiruvchi turnirda hamyurtimiz Milana Maslenkova juftlik va yakkalik bahslarida muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda.
Tennischimiz mukofot jamg‘armasi 15 ming AQSH dollarini tashkil etuvchi ushbu turnirning yakkalik bahslari asosiy to‘ri birinchi bosqichida mezbon tennischi Fabiyenne Gettvartga qarshi o‘ynadi. Mazkur bahsda Milana 6:2, 7:5 hisobida zafar quchdi va chorak final ostonasida yana bir germaniyalik tennischi Luiza Mayerga qarshi kortga chiqadigan bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, Milana Maslenkova musobaqaning juftlik bellashuvlarida neytral tennischi Polina Leykina bilan tandem hosil qilib, chorak finalda boshqa bir germaniyalik tennischilar dueti – Laura Maser hamda Joli Anjelika Abendrot juftligi bilan to‘qnashadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA