Mikrokreditbank "Junior Banking" orqali yangi avlod mijozlarini tayyorlamoqda
Mikrokreditbank yaqin yillarda tizimda juda katta yangiliklar qilmoqda.
Poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida o‘tkazilgan anjumanda so‘nggi moliyaviy natijalar, yangi kredit mahsulotlari va kelgusi uch yilga mo‘ljallangan rejalarini taqdim etdi.
Ma’lum qilinishicha, 2025-yil yakuniga ko‘ra bankning aktivlari 30,7 trillion so‘mga, kredit portfeli 20,3 trillion so‘mga, depozitlari esa 9,7 trillion so‘mga yetgan. Shuningdek, xorijdan 263 million AQSH dollari miqdorida kredit liniyalari jalb qilingan. Joriy yilning dastlabki olti oyida esa bank 6,8 trillion so‘mlik kredit ajratdi. Mablag‘larning asosiy qismi kichik va o‘rta biznes, oilaviy tadbirkorlik, investitsiya loyihalari hamda “Mening mahallam” dasturiga yo‘naltirilgan. Bu mablag‘lar hisobiga 51 dan ortiq loyiha ishga tushirilib, qariyb 100 mingga yaqin kishi ish bilan ta’minlangan. Ularning 14 ming nafari doimiy ishga joylashgan, 86 mingga yaqini esa tadbirkorlik faoliyatini boshlagan.
[gallery-https://uza.uz/uz/collection/30778]
Bank faqat kredit ajratish bilangina cheklanmayapti. Endi tadbirkorlar sun’iy intellekt yordamida tayyor biznes-reja yaratishi mumkin bo‘ladi. Yangi platforma hududlarning iqtisodiy imkoniyatlarini tahlil qilib, qaysi biznes yo‘nalishi samaraliroq ekanini tavsiya qiladi. Aholi uchun ham bir nechta yangilik e’lon qilindi. Endilikda ikkilamchi bozordan uy sotib olish uchun ipoteka kreditlari yillik 21,55 foizdan boshlanadi. Birlamchi bozordagi uy-joylar uchun esa stavka 17 foizgacha tushirilgan.
Avtomobil xarid qilmoqchi bo‘lganlar uchun ham yangi imkoniyatlar yaratilmoqda. Premium rusumdagi avtomobillar uchun 2 milliard 60 million so‘mgacha kredit olish mumkin. Ayrim avtomobillar uchun esa avtokreditlar 0 foizlik boshlang‘ich stavkadan taklif etilmoqda.
Kelgusi uch yil ichida Mikrokreditbank yana bir qator yangi xizmatlarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Ular orasida islomiy moliyalashtirish, bolalar va o‘smirlar uchun “Junior Banking” tizimi, kreditlarni sun’iy intellekt yordamida baholash hamda mijozlarni Facye ID orqali tezkor aniqlash tizimlari bor.
Dildora Do‘smatova
O‘ktam Hayitov(surat),
O‘zA