MIHAS – 2026: Kuala Lumpurda halol mahsulotlar ko‘rgazmasi boshlandi
Kuala Lumpur shahrida Malayziya xalqaro halol mahsulotlar ko‘rgazmasi (MIHAS) o‘z ishini boshladi.
Malayziya xalqaro savdo va ko‘rgazmalar markazi (MITEC)da o‘tkazilayotgan anjuman jahon halol industriyasining yetakchi vakillari, eksport-importchilar, investorlar hamda soha ekspertlarini bir maydonda jamlamoqda.
To‘rt kun davom etadigan ko‘rgazmada 45 mamlakatdan 50 ming nafarga yaqin ishtirokchi qatnashishi kutilmoqda. Ikki mingta stendda 1700 ta kompaniya o‘z mahsulot va xizmatlarini namoyish etadi.
MIHAS-2026 Malayziya Investitsiyalar, savdo va sanoat vazirligi (MITI) ko‘magida Malayziya tashqi savdoni rivojlantirish korporatsiyasi (MATRADE) tomonidan tashkil etilmoqda. Bu yilgi yig‘inning o‘ziga xos jihatlaridan biri – savdo jarayonlariga sun’iy intellekt texnologiyalarining keng joriy etilganidir. Tashkilotchilar ta’kidlashicha, mazkur texnologiya ishtirokchilarga kerakli kompaniyalarni topish, eksponentlar bilan aloqa o‘rnatish va istiqbolli biznes hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda ko‘maklashadi.

– Bir narsani ta’kidlamoqchiman: “halol” tushunchasi faqat diniy marosim yoki Islom dini bilan cheklanmaydi, -dedi Malayziya tashqi savdoni rivojlantirish korporatsiyasi (MATRADE) rahbari Dato Seri Rezal Merikan jurnalistlarga bergan intervyusida. – Halol – tozalik, gigiyena, mahsulotning haqqoniyligi va kelib chiqishini bilish imkoniyati, shuningdek, barqarorlikni ham anglatadi. Halol mahsulotni tanlagan iste’molchi, mohiyatan, xavfsiz mahsulotni tanlaydi. Bugun global iste’molchi aynan shuni istamoqda. Shu bois halollik bozori rivojlanmoqda. Halol industriyasi faqat musulmon mamlakatlariga tegishli bozor emas. Bugun dunyoning turli davlatlaridagi ishlab chiqaruvchilar halol standartlariga muvofiq mahsulot tayyorlab, global iste’mol bozoriga chiqmoqda. Shu ma’noda, MIHAS turli o‘lkalar biznes vakillarini birlashtirib, ular uchun yangi bozorlarga yo‘l ochadigan xalqaro maydon bo‘lib xizmat qilmoqda.
MIHAS-2026 dasturi oltita asosiy yo‘nalishni qamrab olgan. Ko‘rgazmaning asosiy qismi global halol iqtisodiyoti uchun yirik savdo maydoni vazifasini o‘taydi. Unda oziq-ovqat va ichimliklar, halol ingrediyentlar, kosmetika vositalari, farmatsevtika, logistika va islom moliyasi kabi sohalar qamrab olingan.
E’tiborli jihati, mazkur xalqaro ko‘rgazmada yurtimizning bir nechta kompaniyalari ham qatnashib, o‘z mahsulotlarini namoyish qilmoqda. “Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” AJ yetakchi mutaxassisi Muhammad Soyibjonovning O‘zAga aytishicha, MIHAS-2026 doirasida 90 kvadrat metr maydonda “Made in Uzbekistan” brendi ostida diyorimiz milliy stendi tashkil etilgan.

– Milliy stendimizda jami oltita mahalliy korxona o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etmoqda, – dedi u. – Ular orasida “Crafers”, “N’Medov”, “Hayot Dried Fruits”, “Ermak”, “Ermak Plus” va “Delice” kompaniyalari bor. Korxonalarimiz asosan quritilgan mevalar, qandolatchilik mahsulotlari, shirinliklar va turli gazaklarni namoyish etmoqda. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad – milliy mahsulotlarimizni xorijiy xaridorlarga yaqindan tanishtirish, yangi hamkorlar topish va eksport geografiyasini kengaytirish.
M.Soyibjonovning ta’kidlashicha, ko‘rgazmaning dastlabki kunidayoq O‘zbekiston mahsulotlariga xorijiy biznes vakillari tomonidan qiziqish ortgan.
– Ko‘rgazma endi boshlanganiga qaramay, “Hayot Dried Fruits” kompaniyasi Malayziya bozoriga bir konteyner quritilgan meva mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha dastlabki og‘zaki kelishuvga erishdi. Gap “Golden” navli sariq mayiz va an’anaviy qora mayizni aralash holda yetkazib berish haqida bormoqda. Endi tomonlar mahsulot narxi va yetkazib berish shartlarini batafsil muhokama qiladi. Muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlansa, tegishli shartnoma imzolanishi ko‘zda tutilgan.
Mutaxassisga ko‘ra, xalqaro ko‘rgazmalarda xorijiy xaridorlarning O‘zbekiston mahsulotlari orasida, avvalo, quritilgan mevalarga qiziqishi yuqori bo‘lib qolmoqda.

– Qaysi xalqaro ko‘rgazmada ishtirok etmaylik, quritilgan mevalarimiz doimo xorijiy xaridorlar e’tiborini tortadi, – dedi u. – Bu gal ham shunday bo‘lmoqda. Shu bilan birga, o‘lkamizda ishlab chiqarilayotgan qandolatchilik mahsulotlariga ham talab yuqori. Masalan, “Delice” mahsulotlari allaqachon Malayziya bozoriga kirib kelgan. Ayni paytda Indoneziya, Tayland va Vetnam kabi Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari vakillari ham ushbu mahsulotlarga qiziqish bildirmoqda.
Uning qayd etishicha, ko‘rgazmaning birinchi kunida “Delice” kompaniyasi mahsulotlarining bir palletini sinov namunasi sifatida Taylandga yetkazib berish bo‘yicha ham dastlabki og‘zaki kelishuvga erishgan.
– Bu hali ko‘rgazmaning birinchi kunidagi natijalar. Oldinda yana uch kun bor. Shu bois, mahalliy korxonalarimiz xorijiy xaridorlar bilan yangi muzokaralar o‘tkazishi va qo‘shimcha kelishuvlarga erishishini kutyapmiz, – dedi “Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” AJ vakili.
O‘zbekistonning MIHAS–2026da milliy stend bilan ishtirok etayotgani mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilari uchun nafaqat Malayziya, balki Janubi-Sharqiy Osiyoning boshqa istiqbolli bozorlariga chiqish imkoniyatlarini ham kengaytirmoqda. Ayniqsa, quritilgan mevalar va qandolatchilik mahsulotlariga bildirilayotgan qiziqish “Made in Uzbekistan” brendi ostidagi mahsulotlarning mintaqadagi eksport salohiyatini yanada oshirish uchun yangi imkoniyatlar mavjudligini ko‘rsatmoqda.
Ko‘rgazma 26-sentabrga qadar davom etadi.
O‘tkir Alimov, O‘zA
Kuala Lumpur, Malayziya