MIB: xotin-qiz xodimalar sharaflandi
Majburiy ijro byurosi Surxondaryo viloyat boshqarmasida 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
MIB viloyat boshqarmasi va tuman, shahar bo‘limlarida samarali xizmat qilayotgan xotin-qizlar ishtirok etgan tadbirda keyingi yillarda mamlakatimizda jamiyatimiz gultojlarining huquq va manfaatlarini, gender tengligini ta’minlash, ularning mavqeini mustahkamlab, g‘oya va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida atroflicha so‘z yuritildi. Tizimda sud va boshqa organlarning hujjatlarini ijro etishda ayol xodimalarning ham alohida o‘rni borligi qayd etildi.

Ayni paytda MIB viloyat boshqarmasi va tuman, shahar bo‘limlarida 50 ga yaqin xotin-qiz mehnat qilmoqda. O‘tgan yil MIB viloyat boshqarmasi hamda quyi tuzilmalari ish yurituvida bo‘lgan sud va boshqa organlarning qariyb 9 trillion 105 milliard 547 million so‘mlik 658 mingta ijro hujjati yuzasidan majburiy ijro harakatlari olib borilib, 6 trillion 208 milliard 131 million so‘mlik 415 mingdan ziyod hujjatning ijrosi ta’minlandi.

Farzandlarning moddiy ta’minoti bilan bog‘liq 30 ming 295 ta ijro hujjatlari bo‘yicha majburiy ijro harakatlari olib borilib, aliment va unga tenglashtirilgan to‘lovlar undiruvi amalga oshirildi. O‘tgan yil va shu yilning ikki oyida uch ming 200 ta ijro ishlari oilalarning o‘zaro yarashtirilganligi tufayli tamomlandi. Bu ishlar o‘z-o‘zidan amalga oshayotgani yo‘q, albatta. Bularning barchasi bahamjihatlikdagi mehnat mahsulidir. Ijro harakatlarini amalga oshirishda erkaklar bilan yonma-yon xizmat qilayotgan fidoyi xotin-qizlarning ham o‘z o‘rni bor. Ular ro‘zg‘or tashvishlari va farzandlar tarbiyasi bilan birga o‘z xizmat vazifasini ham sidqidildan bajarmoqda.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar ayollik nafosati, bilim va salohiyati bilan sohani rivojlantirishga munosib ulush qo‘shayotgan xodimalarni bayram bilan tabriklab, xonadonlariga fayzu baraka, xotirjamlik hamda ishlariga omad tiladi. Esdalik sovg‘alar topshirildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri