MIB xodimlari yordamida yana bitta oila yarashtirildi
Majburiy ijro byurosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tuman bo‘limi xodimlari tomonidan mahalla fuqarolar yig‘ini raisi birgalikda olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida ajrashish arafasida turgan yana bitta oila yarashtirildi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Beruniy tumanlararo sudining joriy yil 4-noyabr kungi sud buyrug‘iga asosan I.B.ning foydasiga uning tarbiyasidagi ikki nafar voyaga yetmagan farzandlarining ta’minoti uchun qarzdor I.A.ning har oydagi jami daromadining 1/3 qismi miqdorida aliment undirish belgilangan. Ushbu sud buyrug‘i bo‘yicha Majburiy ijro byurosi Beruniy tuman bo‘limi davlat ijrochisi tomonidan ijro ishi qo‘zg‘atilgan va bu haqida qarzdor yashaydigan “Bunyodkor” mahalla fuqarolar yig‘ini raisiga xabar berilgan.
Bo‘lim davlat ijrochisi tomonidan mahalla raisi bilan birgalikda ajrashgan oilani yarashtirish maqsadida tushuntirish ishlari olib borishgan. Natijada taraflar Majburiy ijro byurosi Beruniy tuman bo‘limiga kelib, hozirgi kunda birga yashayotganligini bildirgan va aliment undirish haqidagi sud qarori ijrosini tugatishni so‘rab iltimosnoma berishgan.
Eng muhimi, ularning ikki nafar farzandi to‘laqonli oilaviy muhitda voyaga yetadigan bo‘ldi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri