MIB qarzini to‘lamagan fuqaroning "Malibu"sini auksionga chiqarmoqda
Qarz o‘z vaqtida to‘lanmasa, o‘rtadagi munosabatlarning buzilishiga sabab bo‘ladi.
Ayrimlarning imkoniyati bo‘la turib, qarzni vaqtida to‘lamasligi oqibatida, turli muammoli holatlarga, chigal vaziyatlarga olib kelishga sabab bo‘lmoqda.
Majburiy ijro byurosining Yunusobod tuman bo‘limi ish yurituviga xuddi shunday muammoli ish kelib tushdi.
Unda fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudining 29.08.2022 yildagi sud buyrug‘iga asosan qarzdor Sh.Rahimovadan undiruvchi “K.K.Group” mikrokredit tashkiloti foydasiga 51,3 mln. so‘m miqdorida kredit qarzdorligini undirish belgilangan edi.
Qarzdor fuqaro mikrokredit tashkiloti foydasiga olingan kredit qarzdorligini o‘z vaqtida to‘lamagani bayon etilgan. Majburiy ijro byurosining ish yurituvidagi mazkur sud buyrug‘iga asosan bo‘lim davlat ijrochisi U.Amonov tomonidan majburiy ijro harakatlariga kirishildi. Qarzdor fuqaroga tegishli bo‘lgan "Malibu 1" avtomashinasi qarz evaziga xatlab olindi.
Hozirda mazkur kredit qarzini qoplash maqsadida avtotransport vositasini auksion savdolariga chiqarish choralari ko‘rilmoqda.
O‘zA