Mexikoda korrida o‘yini taqiqlanishi mumkin
Mexiko Kongressi qoshidagi hayvonlarni himoya qilish komissiyasi poytaxtda korrida o‘yinini taqiqlash bo‘yicha tashabbusni qo‘llab-quvvatladi, deb xabar bermoqda AZERTADJ axborot agentligi.
Xabarda aytilishicha, mazkur masalada bo‘lib o‘tgan majlisda komissiyaning to‘qqiz nafar deputatidan faqat besh nafari ishtirok etgan. Ularning to‘rt nafari Korrida o‘yinlarini taqiqlash uchun ovoz bergan.
Agar ushbu tashabbus amalga oshirilsa, u holda 12 dekabr kuni Monumental Plasa-de-Toros Meksiko o‘yingohida bo‘lib o‘tadigan korridalar shousi tarixdagi eng so‘nggi tomosha bo‘lib qolishi mumkin.
Korrida o‘yinlarini taqiqlashni yoqlayotganlarning ta’kidlashicha, ushbu shou ho‘kizlarni qiynash, ularga ozor yetkazishga va shafqatsizlarcha munosabatda bo‘lishga asoslangan. Qolaversa, ushbu tomoshalar hayvonlar huquqlariga hurmatsizlik belgisidir.
Hayvonlarni himoya qilish to‘g‘risidagi qonun islohoti bunday tomoshalarni tashkil etganlarga 230 ming dollar atrofida jarima solishni ko‘zda tutadi.
Monumental Plasa-de-Toros Meksiko dunyodagi eng yirik arena hisoblanadi. U 41 mingdan ziyod tomoshabinni o‘z bag‘riga oladi.
Korrida o‘yinlaridan olinadigan yillik daromad esa 329 million dollarni tashkil etadi va unga tegishli bo‘lgan ish o‘rinlari bilan 226 ming kishi band hisoblanadi.
Meksika poytaxtida korridaga barham berish uchun uchinchi bor urinib ko‘rilmoqda. Sonora, Gerrero va Koauila shtatlarida bunday o‘yinlarga allaqachon taqiq amal qilmoqda. Tlaskala, Aguaskalentese, Idalgo, Keretaro, Sakatekase, Michoakane va Guanaxuato shtatlarida esa korrida madaniy qadriyat sifatida e’lon qilingan.