Chirchiq shahrida hududiy meva-sabzavot yarmarkasi tashkil etildi
Yarmarkada Toshkent viloyatining barcha tuman va shaharlaridan 70 dan ortiq fermer xo‘jaligi, 25 qayta ishlash korxonasi 200 turdan ortiq mahsulotlarini namoyish qilmoqda.
Yarmarkada Toshkent viloyatining barcha tuman va shaharlaridan 70 dan ortiq fermer xo‘jaligi, 25 qayta ishlash korxonasi 200 turdan ortiq mahsulotlarini namoyish qilmoqda.Yarmarkaning ochilish marosimida mustaqillik yillarida ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotini shakllantirish, oziq-ovqat ekinlari ekiladigan maydonlarni kengaytirish, fermerlik harakati va qayta ishlash sanoatini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning shu yil 12-apreldagi “Meva-sabzavot, kartoshka va poliz mahsulotlarini xarid qilish va ulardan foydalanish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish, qayta ishlash va eksport qilish tobora kengaymoqda.
Viloyatda yetishtirilgan meva-sabzavot mahsulotlarini harid qilish uchun iste’molchilarga arzon narxlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzish uchun sharoit yaratishni maqsad qilgan yarmarkaga yuzga yaqin ijtimoiy soha tashkilotlari vakillari, xaridorlar taklif etildi. Yarmarka davomida ishlab chiqaruvchilar bilan tuzilgan shartnomalar qo‘shimcha tanlov va tender savdolarisiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri ro‘yxatga olinadi.
– Bunday tadbirlar samarasini joriy yil poytaxtimizda o‘tkazilgan Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasida kuzatuvchi sifatida ishtirok etganimda yaxshi bilganman, – deydi chinozlik fermer Sh.Mirsobirov. – O‘sha ishtirokim sabab joriy yilda o‘zimiz yetishtirgan pomidor hosilining 20 tonnasini Rossiyaga eksport qildik. Viloyatimizda birinchi marta tashkil etilayotgan mazkur meva-sabzavot yarmarkasi hududdagi tadbirkor va fermerlarning o‘zaro tajriba almashishi va sohaning yanada rivojlanishiga xizmat qiladi.
Yarmarka yakunida ishtirokchilar “Eng namunali fermer xo‘jaligi”, “Eng namunali qayta ishlash korxonasi”, “Eng namunali eksportbop mahsulot ishlab chiqaruvchi”, “Eng faol tuman hokimligi” kabi o‘nga yaqin nominatsiyalar bo‘yicha maxsus diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi.
Tadbirda Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi I.Ergashxo‘jaev so‘zga chiqdi.