Metropoliten – samarali yo‘lovchi tashish vositasi
2025 yilning birinchi yarmi yakunlariga ko‘ra, Toshkent metropolitenida kuniga o‘rtacha 803,4 ming nafar yo‘lovchi tashilgan. Bu raqam Milliy statistika qo‘mitasi tomonidan e’lon qilindi va 2024 yilning shu davriga nisbatan 10,8 foiz o‘sishni ko‘rsatmoqda.
Bunday ko‘rsatkichlar metropolitenning tobora ommalashib borayotganini, poytaxt aholisi uchun metrodan foydalanish ortib borayotganini anglatadi.
Bu raqam ortida faqatgina transport emas, balki davlat siyosatining qulay, xavfsiz va ekologik jamoat transportiga o‘tish yo‘lidagi izchil islohotlari turibdi. Bugun Toshkent metropoliteni shunchaki harakat vositasi emas, u zamonaviylik, tejamkorlik va ishonchlilik timsoliga aylangan.

Toshkent metropolitenida to‘lov tizimi ham zamonaviylashmoqda. Chipta narxi 2025 yil holatiga ko‘ra, karta orqali to‘lov qilinganda 1 700 so‘m bo‘lib, naqd to‘lov turida 3 000 so‘m etib belgilangan. Bu aholining barcha qatlamlari uchun qulay narx hisoblanadi. Qolaversa, maxsus kartalarda keshbeklar orqali to‘lov narxini 650 so‘mga tushirish mumkin.
Vagondagi sharoitlar va xavfsizlikka keladigan bo‘lsak, oxirgi yillarda yo‘lovchi xavfsizligi va qulayligi bo‘yicha bir qancha yangiliklar joriy etildi. Yangi vagonda sovutgich tizimlari, zamonaviy yoritish, axborot tablolari mavjud. Bekatlar esa xavfsizlik kameralari bilan ta’minlangan. Bundan tashqari, Wi-Fi xizmatlari, bekatlar ichida toza hojatxonalar kabi qulayliklar soni ortmoqda.
Metropolitenning muhim jihatlaridan biri – bu atmosferaga chiqindilar chiqarilmaydigan transport turi ekanligidir. Bu esa yildan-yilga ortib borayotgan avtomobil soni misolida shahar havosining tozaligini saqlashga xizmat qilmoqda. Bitta metro poyezdi o‘rtacha yuzlab yo‘lovchini tashiy oladi, bu esa shahar yo‘llarida birmuncha avtomashinalarning kamayishini ta’minlashi mumkin.
Toshkent metropoliteni bugun transport vositasi emas, balki xalq turmush tarzining bir qismiga aylangan tizim. Uning imkoniyatlari faqat poytaxtga emas, balki butun respublika transport infratuzilmasi rivojiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Yangi texnologiyalar, raqamlashtirish, xizmat madaniyati, kengayish loyihalari – bularning barchasi Toshkent metropolitenining dunyo standartlariga yaqinlashtiradi. Poytaxt aholisi esa har kuni o‘z manzillariga tez, xavfsiz va qulay tarzda yetib borishda metroni tanlashda davom etmoqda.
Dildora DO‘SMATOVA
O‘zA