Metropoliten – poytaxtimiz gavhari...
Dunyo tanigan faylasuflarning fikricha, kurrai zaminni madaniyat asrab turadi. Bundan bir yuz ellik yil muqaddam amerikalik taniqli rassomlar, san’atni qadrlagan tadbirkorlar, ko‘ngillilar tomonidan Nyu-York shahrida ajoyib inshoot qurildi. Manbalarda yozishicha, ushbu inshoot tashkilotchilari dunyo xalqlari san’ati tarixi va turmush tarzini namoyon etadigan yirik tomoshagoh ochishni maqsad qilganlar. Bu manzilda sayyoramizning turli burchaklarida yaratilgan san’at durdonalari va tosh davridan bugungi kungacha bo‘lgan tarixiy jarayonni aks ettiruvchi eksponatlar jamlangan.
Uni tashkil etganlar qanday nom qo‘yish bo‘yicha uzoq mulohaza yuritgan. Nihoyat shahar markazi – poytaxtga oid so‘zlar birikmasidan foydalanib, "Metropoliten muzeyi" deb atashga qaror qilgan. Mazkur atama keyinchalik butun dunyoda yer osti temir yo‘liga nisbatan qo‘llaniladigan bo‘ldi.
Metropoliten... bugungi kunda dunyoning barcha rivojlangan mamlakatlarida metropoliten xizmatidan foydalanishadi. Toshkent metropoliteni ham poytaxtimizning gavhari, ko‘rki sifatida xalqimiz va xorijiy sayyohlarning uzog‘ini yaqin qilmoqda. Yangi O‘zbekistonning yana bir kashfiyoti sifatida ish boshlagan yer usti metrosi ham qulayligi, tezkorligi, ozodaligi, sarishtaligi bilan kishilarni maftun etmoqda. U go‘yoki o‘zbekning shohi belbog‘idek poytaxtimizni quchib turadi.
Inson oilasini va o‘z kasbini sevsa, ertalab ishga, kechqurun uyga shoshadi. Kasbimiz nuqtai nazaridan metropolitenda tinchlikni asrash, osoyishtalikni saqlash ishida kechayu kunduz ziyrak turamiz. Metropoliten xizmatidan bir kunda minglab turli millatli insonlar foydalanadi. Metro bekatlaridagi bezaklarda, tanlangan ranglarda milliy koloritning uyg‘unligi esa bunyodkor xalqimiz tomonidan yaratilayotgan bebaho boyliklarni asrashga undab turgandek tuyuladi.
Behzodbek ISLOMBEKOV,
Metropolitenda xavfsizlikni ta’minlash
boshqarmasi xodimi,
kapitan