Metrologiya sohasida hamkorlik ko‘lami kengaymoqda
Farg‘onada milliy metrologiya institutlari va ularning hududiy filiallari bilan hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan mintaqaviy seminar bo‘lib o‘tmoqda.
“Markaziy Osiyo mamlakatlarida sifat infratuzilmasini mustahkamlash” loyihasi doirasida tashkil etilgan tadbirda Germaniyadan xalqaro ekspertlar, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistondan soha mutaxassislari ishtirok etmoqda.
Germaniya Federativ Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatlari o‘rtasidagi Texnik hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvga muvofiq (Berlin, 2001 yil 3 aprel) tomonlar o‘rtasida bitimlar tuzilishi nazarda tutilgan. Jumladan, Germaniya Federal fizika-texnik instituti (RTV) hamda Texnik jihatdan tartibga solish agentligi o‘rtasida “Markaziy Osiyo mamlakatlarida sifat infratuzilmasini mustahkamlash” loyihasini amalga oshirish to‘g‘risidagi Bitim imzolangan. Unga ko‘ra o‘tgan davrda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
– Bitim doirasida metrologiya va akkreditatsiya sohalarida alohida tor doiralardagi xalqaro darajadagi ekspertlar ishtirokida seminarlar, treninglar, malaka oshirish kurslari tashkil etiladi, – deydi O‘zbekiston milliy metrologiya instituti Farg‘ona filiali rahbari Muzaffar Jumaboyev. – Shu bilan birgalikda sohada faoliyat yurituvchi muassasalarga hamda kichik va o‘rta biznes vakillari, laboratoriyalarga ko‘rsatayotgan xizmatlarni kengaytirishda ilg‘or xalqaro amaliyotni joriy etishda ko‘maklashish, xalqaro standartlarni joriy etish, hamda kalibrlash sohasida xalqaro ekspertlar maslahatlari taqdim etilishini ta’minlashni qamrab oladi. Mazkur loyiha doirasida Markaziy Osiyo davlatlarining milliy metrologiya institutlari bilan metrologiya sohasidagi hamkorlikni yanada jadallashtirish talab etiladi.
Hozirga qadar mazkur yo‘nalishlarda muayyan ishlar amalga oshirildi. O‘zbekiston Respublikasining “Metrologiya to‘g‘risida” gi qonunining yangi tahriri ishlab chiqildi va 10 ta kalibrlash laboratoriyasini akkreditatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha amaliy yordam olindi. Laboratoriyani xalqaro darajada akkreditatsiyadan o‘tkazish hamda Xalqaro o‘lchovlar va tarozilar byurosining (BIPM) CMC-satrlarni olish maqsadida RTVning uch nafar texnik eksperti jalb etildi. Toshkent shahrida “Sifat infratuzilmasi va ishlab chiqarish sektorining hamkorligi” mavzusidagi xalqaro seminar o‘tkazildi, tadbir doirasida massa, kichik hajm va bosim yo‘nalishlarida solishtirishlar amalga oshirildi. Qozog‘iston Respublikasining Ostona shahrida solishtirishlarni tashkil etish va boshqarish masalasida texnik seminari bo‘lib o‘tdi.
[gallery-13940]
Tojikstandartning 4 nafar xodimi O‘zbekiston milliy metrologiya institutida milliy etalonlarni kalibrlash bo‘yicha malaka oshirish amaliyotini o‘tashdi hamda ularning massa va harorat kattaliklarini o‘lchash yo‘nalishidagi 4 ta etalonlari O‘zbekiston milliy metrologiya institutida kalibrlandi.
O‘zbekiston milliy metrologiya instituti Farg‘ona filialida o‘tkazilayotgan mintaqaviy seminar hamkorlik ko‘lamini yanada kengaytirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. Unda O‘zbekiston milliy metrologiya instituti direktori Lazizbek Saidoripov va boshqalar metrologiya sohasida xalqaro hamkorlikning samaralari va rivojlantirish istiqbollari xususida so‘z yuritdi.
Mazkur tadbir natijasida Markaziy Osiyo davlatlarining akkreditatsiya organlari va milliy metrologiya institutlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash va ilg‘or tajriba almashish orqali texnik jihatdan tartibga solish hamda metrologiya sohalaridagi so‘nggi o‘zgarishlar bilan yaqindan tanishtirishga imkon yaratiladi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/-kpqS1E5xgM" title="Метрология соҳасида ҳамкорлик кўлами кенгаймоқда" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>M.Sulaymonov,
M.Qodirov olgan surat, O‘zA