Metrologik xizmatlar eksport qilinmoqda
20 may – Xalqaro metrologiya kuni munosabati bilan Xalqaro tarozi va o‘lchovlar byurosi va Xalqaro qonunchilik metrologiyasi byurosi 2023 yil uchun «Global oziq-ovqat tizimini qo‘llab-quvvatlovchi o‘lchashlar» shiorini e’lon qildi.
An’anaga binoan sana munosabati bilan “World Metrology Day” saytida O‘zbekiston milliy metrologiya instituti tomonidan o‘tkazilishi rejalashtirilgan tadbirlar haqida ma’lumotlar joylashtirildi.
O‘zbekiston milliy metrologiya institutining asosiy vazifalari qatoriga milliy etalonlar bazasini takomillashtirish va rivojlantirish bo‘yicha choralarni amalga oshirish kiradi. Shu bilan birga etalonlar, eng yuqori aniqlikdagi o‘lchov vositalarini saqlab turish, ularni xalqaro darajada solishtirish, o‘lchashlarining yagona birlikda bo‘lishini ta’minlash bo‘yicha normativ hujjatlarni ishlab chiqadi. Qolaversa, metrologik nazorat natijalarini o‘zaro tan olish bo‘yicha xalqaro shartnomalarni amalga oshirish va boshqa vazifalarni bajaradi.
Institut tomonidan so‘nggi uch yilda milliy etalonlar bazasi kengaytirilib, o‘tgan yilda hukumat qaroriga asosan yana 2 dona etalon — Qo‘ng‘iroqsimon gaz etaloni va Havodagi tovush bosimi birligi etalonlari ishga tushirildi. Hozirda Milliy etalonlarning umumiy soni 23 taga yetkazildi.
Xalqaro reytinglarda metrologik faoliyat mavqeini oshirish hamda o‘lchashlarni xalqaro darajada tan olinishiga erishish maqsadida Xalqaro tarozi va o‘lchovlar byurosining mintaqaviy metrologik tashkilotlari doirasida 14 solishtirish loyihalarida ishtirok etilmoqda. Shuningdek, 3 tashqi texnik hamkorlik loyihalari bo‘lgan IAEA, “Atlas International”, (PTB) doirasida ikkilamchi etalonlar dozimetriya laboratoriyasi hamda tezlik parametrlarini o‘lchash maxsus-mobil laboratoriyalari tashkil etildi.
– Germaniyaning fizika texnika instituti «O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun sifatni ta’minlash bo‘yicha xizmatlarni rivojlantirish va sifat infratuzilmasini isloh qilishga ko‘maklashish» loyihasi asosida kalibrlash laboratoriyalarini xalqaro darajaga olib chiqish maqsadida 5 ta xalqaro ekspertlar doimiy ravishda jalb etildi, – deydi O‘zbekiston milliy metrologiya instituti direktori Lazizbek Saidoripov. – Sanoat tarmoqlaridagi aniq o‘lchashlarga bo‘lgan ehtiyojni ta’minlash, shuningdek, joylarda kalibrlash xizmatlarini joriy qilish maqsadida 15 ta, shundan 8 tasi hududiy filiallarda yangi kalibrlash laboratoriyalari tashkil etildi. Eng muhimi 3 ta massa, bosim va harorat laboratoriyalari xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazildi. Natijada ilk bor Tojikiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston kabi qo‘shni davlatlarga metrologik xizmatlar eksporti yo‘lga qo‘yildi.
Metrologiyaga oid bilim va ko‘nikmalarni doimiy oshirib borish maqsadida ixtisoslashtirilgan yetakchi xorijiy tashkilotlarda ya’ni Turkiya, Germaniya, Latviya, Moldova, Italiya, Rossiya, Belarus, Fransiya davlatlariga metrolog mutaxassislarning malakasi oshirildi. Natijada, 2021 yildagi ilmiy-innovatsion faoliyat natijalari bo‘yicha Milliy reytingda 103 pog‘onadan 26 pog‘onaga, o‘tgan yillarga nisbatan 77 pog‘ona yuqoriga ko‘tarilishga erishildi.
Joylardagi ishlab chiqaruvchilarga yanada qulaylik yaratish va kalibrlash xizmatlar qamrovini kengaytirish maqsadida Qoraqalpog‘iston, Sirdaryo, Andijon, Navoiy, Farg‘ona, Qo‘qon, Xorazm va Surxondaryo filiallarida kalibrlash laboratoriyalari tashkil etilib, mazkur xizmat yo‘lga qo‘yildi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA